BOSHLANGʻICH SINFLARDA YANGI AVLOD DARSLIKLARINI AMALIYOTGA JORIY ETISH YUZASIDAN OʻQUV SEMINARI BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida “Boshlang‘ich sinflarda o‘qitishning zamonaviy metodikasi” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Mazkur seminar-treninglar ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan o‘quv dasturi va darsliklarni amaliyotga joriy etishda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

7 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy Markazi va Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda tumandagi 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi 85 ta maktabning har biridan 1-, 2-, 3-, 4-sinflarning boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari jalb qilindi.

Seminarni tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Saida Sadikova ochdi va bu yil boshlang‘ich sinflar uchun yaratilgan yangi darsliklarni amaliyotga joriy etishda bugungi kun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan katta mahorat, zamonaviy yondashuv va mas’uliyat talab qilinishini ta’kidladi.

Shuningdek, seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy Markazi maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi mudiri Bayram O‘temuratov, kafedra professor o‘qituvchilari Zevar Tajekbayeva, Perdexan Saliyeva, Gulchehra Yusupovalar ishtirok etishib, “Yangi darsliklar orqali boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida kommunikativ kompetensiyani shakllantirish metodlari”, “Yangi o‘quv dasturi asosida boshlang‘ich sinf matematika darslarini tashkil etish” kabi mavzularda ma’ruza qilishdi va boshlangich sinf o‘qituvchilarini qiziqtirgan savollarga javob berishib, kasbiy mahoratidan tavsiyalar berishdi.

Shundan so‘ng, tuman maktablarining boshlang‘ich sinflarda ma’sul trener o‘qituvchilaridan Mehribon Bekbergenova, Malohat Matmuratova 1-sinf o‘qituvchilariga, Nasiba Babajanova, Nasiba Qurbonboyeva 2-sinf o‘qituvchilariga, Dildora Karimboyeva, Shohida Yuldasheva 3-sinf o‘qituvchilariga, Aymira Upayeva va Aziza To‘rayevalar esa 4-sinf o‘qituvchilariga boshlang‘ich sinflarda o‘qitishning zamonaviy metodikasi, tanqidiy fikrlash, jamoaviy ishlash, ijodkorlik va muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish modelini o‘quvchilarda shakllantirishda metodlardan foydalanish orqali samarali natijalarga erishish to‘g‘risidagi ma’ruzalari bilan ishtirok qildilar.

Bundan tashqari, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari “Yozuvga o‘rgatish metodikasi”, “Bingo”, “Ven diagrammasi”, “Dekart”, “Shaxmat taxtasi” kabi metodlarni qo‘llagan holda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok qilishdi. Bu metodlar bugungi kunda o‘quvchilarimizni qiziqarli bilim olishda, har bir muammoni turli yo‘llar bilan hal etishda, ularni qiyin vaziyatlardan olib chiqishda, darslikdan olgan bilimlarini kundalik hayotda qo‘llay olishlarida yordam beradi.

Ushbu o‘quv-seminaridan kutilayotgan maksad maktabda boshlangich ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda samarali o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishdir. Bu kabi tadbirlar o‘quv yili davomida amalga oshiriladi. Zero, bugungi kunda boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilarining vazifasi yangi darsliklar orqali o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida XXI asr talabi darajasidagi bilim ko‘nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.

Rayhon YAKUBOVA, Amudaryo tumani MMTB maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi metodisti.