Manzilli qoʻllab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan xotin-qizlarga boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot berildi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” nomli grant loyihasi doirasida tuman aholisining ma’naviyatini yuksaltirish, iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqarish, ommaga tanishtirish, yoshlarni turli zararli illatlardan ishonchli himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda ayniqsa manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan yoshlarni, maktab o‘quvchilarini, ayollarni loyiha doirasidagi tadbirlarga keng jalb qilishga e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbusni yoshlar hayotiga yanada kengroq tatbiq qilish maqsadida maktablarda kompyuter texnologiyasi bo‘yicha ochiq darslar, insholar tanlovlari, sport tadbirlari, “Kitoblar karvoni” aksiyalari o‘tkazilib, o‘quvchilar ishtirokida tarixiy joylarga sayohatlar uyushtirilmoqda.

Beshinchi tashabbus doirasida manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida ularning Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamda vakant ish o‘rni mavjud bo‘lgan muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlarni tashkil qilinmoqda. Grant loyihasi doirasida Beruniy nomli mahalla aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham shular jumlasidandir.

Uchrashuvni mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Mahfuza Ibrohimova kirish so‘zi bilan ochdi. Hozirgi kunda tuman bo‘yicha 5365 nafar ayol-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, ularning 70-80 foiziga har tomonlama yordamlar ko‘rsatilgan. Beruniy nomli mahalla fuqarolar yig‘inida esa 110 nafar ayol-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib ularning 95 foiziga ijtimoiy-yordamlar ko‘rsatilgan. Ularning ko‘pchiligiga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. 5 nafar ayolning uy ijara haqi to‘lab berilgan. Ko‘pchilik ayol-qizlarga bir martalik yordam ko‘rsatilgan. Ayol-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida tikuvchilik, konditer mahsulotlari ishlab chiqarishga jalb qilingan. Kompyuter savodxonligi, mono markaz tashkil qilingan.

Uchrashuvda “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi muxbiri Ozoda Xudoyberganova tumanimizda ayol-qizlarga nisbatan ko‘rsatilayotgan katta e’tibor haqida gapirdi. “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti raisi O‘rozali Reyimov bu yo‘nalishda xizmat qiluvchi tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassislari Shaxnoza Yusupova, Mohira Ozodboyevalar esa tumanda ayol-qizlar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berib, uchrashuv ishtirokchilarining savollariga javob berdilar.

Uchrashuv qatnashuvchilari tumanimizda hozirgi kunda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan boxabar bo‘lib, kelgusida o‘zlariga mos ish o‘rinlariga joylashish bo‘yicha mas’ullardan maslahatlar oldilar.

O‘rozali RЕYIMOV.