KEKSALAR HAFTALIGIDA TIBBIYOT FAXRIYLARIGA ALOHIDA EʼTIBOR KOʻRSATILDI

Туман янгиликлари

Joriy yilning 2-8 oktyabr kunlari “Keksalarga hurmat – yoshlarga ibrat” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Keksalar haftaligi” tadbirlari Amudaryo tumanida ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Ushbu haftalikni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan Dasturga muvofiq har bir mahallada nuroniylarni, faxriylarni, yakka-yolg‘iz keksalarni jalb etgan holda ma’naviy-ma’rifiy va xayriya tadbirlari tashkil etilib, ularga izzat-hurmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi.

Tuman Tibbiyot birlashmasida ham haftalik doirasida shu kabi xayrli ishlar amalga oshirildi. Nuroniy keksalarni e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga moddiy-ma’naviy yordam berish kabi xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

6-7 oktyabr kunlari tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdulllayev boshchiligida bir guruh xodimlar sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriylar xonadonlariga tashrif burib, ularning holidan xabar olishdi. Tashrif davomida aholi salomatligi yo‘lida munosib hissa qo‘shgan faxriylardan Bashir ota Kenjayev, Yusuf ota Abdullayev, Faya opa Xalikova, Kunzanipa opa Teljanova, Gulsora opa Otamuradova, Norgul opa Rajapova, Do‘simbat aka O‘rozimbetovlarning har biri bilan suhbatlashildi.

Yusuf ota Abdullayev stomatolog shifokor bo‘lib, salomatlikni asrash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan. Bemorlar dardiga shifo baxsh etgan shifokor el hurmatiga sazovor bo‘lgan inson.

Tibbiyot birlashmasida stomatologiya bo‘limi tibbiy hamshirasi, katta tibbiy hamshira bo‘lib ishlagan Norgul opa Rajabova ham, garchi o‘sha vaqtlarda tibbiyot tizimi hozirgidek rivojlanmagan, sharoitlar ham bugungidek zamonaviy bo‘lmasa-da, o‘zining bor bilimi va mahoratini safarbar qilib, el salomatligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilgan. Bugun esa tibbiyot fidoyisi boshqa tengdoshlari qatori nevara-chevaralar qurshovida keksalik gashtini surib yashamoqda.

Bashir ota Kenjayev uzoq yillar LOR shifokori, tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. U ham kasbiy faoliyati davomida el salomatligi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilib, xalq orasida o‘ziga yarasha obro‘-e’tibor qozongan. Tashkilotchiligi, kasbiy mahorati bilan rahbariyatning ham, hamkasblarining ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan tibbiyot faxriysining shogirdlari va izdoshlari tashrifidan boshi osmonga yetdi.

Tug‘ruq bo‘limida akusherka, birlashma bosh tibbiy hamshirasi bo‘lib ishlagan tibbiyot faxriysi Faya opa Xalikova, laboratoriyada o‘rta tibbiyot xodimi, klinik laborant bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan Kunzanipa Teljanova, terapevt, endokrinolog shifokor Gulsora opa Otamuradovalar ham qanchadan-qancha bemorlar dardiga davo ulashgan. Tibbiyot birlashmasi rahbariyati va kasaba uyushmasi a’zolari ularni ham yo‘qlab, holidan xabar oldilar.

Do‘simbat aka O‘rozimbetov sog‘liqni saqlash sohasida ko‘p yillar davomida rahbarlik lavozimlarda faoliyat yuritgan. U dastlab tuman Tibbiyot birlashmasida shifokor bo‘lib ish boshlab, keyinchalik sanitariya-epidemiologiya tizimida ham respublika darajasidagi mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan va soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan.

Birlashma xodimlari faxriylar bilan dildan suhbat qurishdi, sovg‘alar berib, hurmat ko‘rsatishdi. O‘z navbatida faxriy shifokorlar ham o‘zlariga ko‘rsatilgan e’tibor va hurmat uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2022 yil 15 martdagi Qarorida har yili oktyabr oyining birinchi haftasini “Keksalar haftaligi” sifatida tadbirlar o‘tkazish belgilangan. Sog‘liqni saqlash tizimida ham haftalik doirasida keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salomatligiga e’tiborni kuchaytirish borasida qator tadbirlar tashkil etildi.

Hududlarda 60 yoshdan yuqori aholini tuman mutaxassislari ko‘magidagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rik xonasida zamonaviy apparaturalarda laborator va instrumental tekshiruvlar, antropametrik o‘lchovlardan, oilaviy shifokor ko‘riklaridan keyin endokrinolog, nevropatolog, kardiolog, pulmonolog mutaxassislari ko‘riklari va tavsiyalari berildi.

Keksa yoshdagi fuqarolar uchun ertalabki badantarbiya, sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shuningdek, Tibbiyot birlashmasi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tomonidan keksa yoshdagi tibbiyot xodimlari uchun tumandagi tarixiy-muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi. Faxriy va keksa tibbiyot xodimlari, yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi. Tibbiyot tizimida ko‘p yillar mobaynida mehnat qilgan keksalar “Afruza” kafesida ochiq dasturxon atrofida madaniy hordiq chiqarishga taklif etildi.

Bu kabi tadbirlar yoshi ulug‘ insonlar mamlakatimizda doimo e’tibor va e’zozda ekanini ko‘rsatadi. Keksalar duosini olish har birimiz uchun katta baxtdir. Shunday ekan keksalarimiz doimo bizning e’tiborimizda bo‘lib qolaveradi.

K.Sabirov, mehnat faxriysi, shifokor