MAHALLALAR QIYOFASI TUBDAN OʻZGARMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 13 iyulda  «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilingan edi.

Qarorga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalar infratuzilmalarini takomillashtirish, aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosini hamda mavjud muammolarning samarali va tezkor hal etilishini moliyaviy va moddiy jihatdan ta’minlash maqsad qilingan.

Prezidentimiz boshchiligida bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish, xalqning turmush farovonligini ta’minlash, infrastruktura bilan bog‘liq muammolarga yechim topish yo‘nalishida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mavjud 452ta mahallaning har biriga 500 mln. so‘mdan mablag‘ yo‘naltirildi.  Ushbu mablag‘lar evaziga amalga oshiriladigan loyihalar mahalla raislari tomonidan hokim yordamchilari bilan birgalikda mahallada yashovchi aholining hududdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalari umumlashtirilgan holda shakllantiriladi.

Tumanimizda mavjud 49ta mahallaning har biriga yuqoridagi qarorga asosan 500 mln. so‘mdan jami 24,5 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratildi. Ushbu ajratilgan mablag‘lardan 3,96 mlrd. so‘m evaziga  17,9 km. ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish ishlari amalga oshiriladi.

Bir paytlar qishloqlardagi loy ko‘chalar muammosi aholining e’tiroziga sabab bo‘lgani rost. Bugun esa boshqa masalalar qatorida 230 mln. so‘m mablag‘ 32 km. ichki yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari uchun yo‘naltirildi.

Shuningdek 61ta transformator uchun 7,9 mlrd. so‘m ajratildi. 1,9 mlrd. so‘m  evaziga mahallalarda 636ta sim yog‘och ustunlari o‘rnatiladi hamda 1,6 mlrd. so‘mga 42,5 km. uzunlikda kabel o‘tkazgichlari tortiladi, 2,7 km. masofaga esa gaz tarmoqlari tortiladi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida uzunligi 4,2 km. bo‘lgan ichimlik suv tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, mavjudlarini  ta’mirlash uchun 670 million so‘m ajratildi.

Shuningdek chekka hududlarda 6ta ichimlik suv tarmoqlarini qurish uchun 40 mln. so‘m, 8,8 km. masofada piyodalar yo‘lakchasi qurish uchun 1,9 mlrd. so‘m, shu bilan birga 239ta tungi yoritgichlar o‘rnatish  uchun 1,2 mlrd. so‘m ajratildi.

Mahallalarda 33ta  video kuzatuv uskunalarini o‘rnatish uchun 214 mln. so‘m, piyodalar foydalanishiga 2ta ko‘prik qurish uchun 150 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Mahallalarda 8ta bolalar maydonchasini qurish uchun 721 mln. so‘m, 30ta suv nasosi o‘rnatishga 642 mln. so‘m, MFYlar binolariga hajmi 245 kvt. bo‘lgan quyosh panelini o‘rnatish uchun 2,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

Odamlar serqatnov bo‘lgan yo‘lda 1ta bekat qurish uchun  15 mln. so‘m, 1ta obodonlashtirish uskunasini xarid qilish uchun 150 mln. so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi. Hozirgi kunda yuqoridagi qarorga asosan ajratilgan mablag‘lar evaziga  hududlarda qurilish-ta’mirlash ishlari qizg‘in boshlab yuborildi. Bu esa yaqin kunlarda tumanimiz qiyofasi o‘zgacha chiroy kasb etib, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilishiga asos bo‘ladi.

Sevara Ismoilova.