“XAVFSIZ TUN” TEZKOR-PROFILAKTIK TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida «Xavfsiz tun» tezkor va profilaktik tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
9 oktyabrdan 10 oktyabrga o‘tar kechasi tungi vaqt davomida tuman hududida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda tuman Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi, prokuratura, Qo‘riqlash bo‘limi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi,  Tibbiyot birlashmasi xodimlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari jalb etildi.
Tuman hokimligi binosi oldida dastlab tegishli topshiriqlarni belgilab olish va xizmat oldi yo‘riqnomasi  berish uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tergov tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat katta prokurori Abdurahmon Abdullayev, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov va boshqa mas’ullar qatnashishdi. Yig‘ilishni tuman Ichki ishlar bo‘lim boshlig‘i Jamoliddin Yusupov kirish so‘zi bilan ochib berdi va muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bo‘yicha qisqacha to‘xtaldi. Ushbu Farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika miqyosida “Xavfsiz tun” tadbirlari o‘tkazilayotgani, barcha huquq-tartibot idoralarining jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi hamkorligi o‘z samarasini berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda tungi vaqtlarda jamoat joyi va turli ko‘ngilochar maskanlarda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha hamkorlikdagi yangi amaliyot uslublarining amaliy ijrosi samara berayotganligi ta’kidlanib, bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Reyd davomida tadbirga jalb etilgan xodimlar tomonidan tuman hududidagi jinoyat sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlar o‘rganildi. Jamoat joylarida piyodalar, avtotransport vositalarining harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilishi nazorat qilindi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning o‘rnatilgan cheklovlarga rioya etishi tekshirildi. Shuningdek, tungi vaqtdagi Ichki ishlar va Qo‘riqlash bo‘limlarining tezkor harakatlanuvchi guruhlarining shaylik holati, mahallalardagi tayanch punktlari faoliyati, ularda tungi navbatchilikni tashkil etilganligi, aholi murojaatlarining qabul qilinishi, tezkor chora-tadbirlar ko‘rilishi, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarning amaliy ijrosi o‘rganildi.
Undan tashqari, tungi vaqtlarda yurgan fuqarolar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, ushbu fuqarolarni shaxsiga oydinlik kiritildi. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan, bemaqsad yurgan fuqarolar tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib kelindi va ularning shaxsi aniqlanib, tezkor-profilaktik suhbatdan o‘tkazildi. Ular huquqbuzarlik va jinoyat sodir etmasliklari to‘g‘risida rasman ogohlantirildi.
Tadbir davomida umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tumandagi istirohat bog‘i, korxona-tashkilotlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari tekshirildi. Tungi vaqtlarda ishlayotgan turli obyektlar va ularda faoliyat olib borayotgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Reyd tadbiriga jalb etilgan xodimlar tomonidan aniqlangan holatlar o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rildi. Tuman hududida huquqbuzarlik va jinoyatlar, transport yo‘llarida turli xavfli hodisalar sodir etilishining oldini olish, aholining tinchlik-osoyishtaligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan bu kabi tadbirlarni kelgusida kengroq miqyosda, hamkor tashkilotlarni jalb etgan holda o‘tkazishga kelishib olindi.


Ilhom Abutov, tuman IIB HPB boshlig‘i, podpolkovnik.