“Ahmedov Rajabboy” fermer xoʻjaligida paxta yigʻim-terimi avjida

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda barcha joylarda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanidagi paxta dalalarida ham yil-o‘n ikki oy fidoyilik bilan qilingan mehnatlar evaziga bunyodga kelagn paxta hosilini yig‘ib-terib olish uchun harakat qilayotgan fermer xo‘jaliklari xirmoni kun sayin yuksalmoqda.

Amudaryolik paxtakorlar kuzning quyoshli kunlarini g‘animat bilib, dalalarda oppoq bo‘lib ochilib turgan hosilni tezroq yig‘ib-terib olish maqsadida tinimsiz mehnat qilmoqdalar. Uyushmagan ishsiz aholi ham paxta yig‘im-terimi mavsumida mehnat qilishib, yaxshigina daromad olishmoqda.

“Ahmedov Rajabboy” fermer xo‘jaligi a’zolari ham mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazmoqdalar. Fermer xo‘jaligi ayni kunlarda paxta topshirish bo‘yicha yillik kontraktatsiya shartnomasi shartlarini bajarish arafasida turibdi.

Mazkur fermer xo‘jaligining 81 gektar maydoniga erta bahorda chigit ekilgan edi. Mazkur maydonlarda bir tekis unib chiqqan nihollar sifatli parvarish qilinib, mo‘l hosil bunyodga kelishiga erishildi.

Shu kungacha xo‘jalik dalalaridan 180 nafar pudratchilari ko‘magida 250 tonna paxta terib olindi. Mazkur fermer xo‘jaligi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi paxta-to‘qimachilik klasteri bilan jami 275 tonna paxta topshirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasini tuzgan. Ushbu shartnomaga muvofiq shu kungacha 250 tonnaga yaqin paxta xom ashyosi yetkazib berildi. Terim shu sur’atda davom etsa, shartnoma shartlari yaqin kunlarda ado etiladi. Shu sababli ayni kunlarda fermer xo‘jaligi dalalarida paxta yig‘im-terimi ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Kuz ­– dehqonlarning yil bo‘yi qilgan mehnatlari sarhisobini qiladigan fasl hisoblanadi. Bu davrda yetishtirilgan hosil yig‘ishtirib olinib, kelgusi yil dehqonchiligiga tayyorgarlik ko‘riladi. Fermer-dehqonlarning yil bo‘yi qilgan mehnati bugun o‘z samarasini bermoqda. Ularning mashaqqatli mehnati evaziga yetishtirilgan paxtani terimchilar yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan terib olish hamda oilalariga qo‘shimcha daromad keltirishga astoydil harakat qilishmoqda. Kuniga 80-100 kilogrammgacha paxta terib, tumanimiz paxta xirmoni yuksalishiga o‘z hissalarini qo‘shayotgan terimchilar talaygina. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilda amudaryolik paxtakorlar o‘z oldilariga ulkan marralarni qo‘ygan. Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi paxta-to‘qimachilik klasteri bilan 348ta paxtachilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida shartnomalar tuzilib, jami 13 ming 900 gektar maydonga tumanimiz iqlim sharoitiga mos serhosil paxta navlari ekilgan edi.

G‘o‘za tarbiyasi bilan bog‘liq barcha ishlar agrotexnika qoidalariga muvofiq tashkil etilgani, yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish bo‘yicha terim otryadlari tashkil qilinib, ularga yordamchi-terimchilar biriktirilgani amudaryoliklarning mehnat zafariga zamin yaratmoqda.

Yurtimizda paxta xirmonining yuksalishiga hissa qo‘shish oilaga foyda, ro‘zg‘orga baraka keltiradigan daromad manbaiga aylanib bormoqda. Paxta yig‘im-terimida faol ishtirok etib, mablag‘ topib, ro‘zg‘origa baraka kiritayotgan terimchilar buni o‘z hayotlarida yaqqol his etishmoqda.

Terimchi, ishchi va hasharchilarga har kuni tushlik mahali issiq ovqat, choy beriladi. Terim pullarining o‘z vaqtida berib borilayotgani, ilg‘or terimchilarga rag‘bat sifatida taqdim etilayotgan turli sovg‘alar ularning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shmoqda.  

Sevara ISMOILOVA