Maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari o‘tkazila boshlangan edi.

Musobaqalarning o‘tgan yilgi mavsumiy bosqichlarida minglab yoshlar ishtirok etib, bor mahorat va iqtidorlarini namoyish etgan edilar. Mahallalardagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, IT yo‘nalishlari bo‘yicha iqtidorlarini kashf etish hamda qo‘llab-quvvatlash asosiy maqsad qilingan “Besh tashabbus olimpiadasi” bellashuvlari tobora yoshlarni kengroq jalb etib, nufuzi oshmoqda.

9 oktyabr kuni “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida Amudaryo tumanida sportning shashka, yengil atletika, voleybol, stol tennisi, futbol turlari bo‘yicha musobaqalar va “Quvnoq startlar” o‘yinlarining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaga tumandagi mavjud 85ta maktabning sportchi o‘quvchilari qamrab olindi. Bellashuvlarda ishtirok etgan yoshlarning iqtidori hakamlar tomonidan odilona baholab borildi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, “Quvnoq startlar” musobaqasida 1-4 sinf o‘quvchilari o‘rtasida 76-maktab o‘quvchilari birinchi o‘rinni, 51-sonli maktab o‘quvchilari ikkinchi o‘rinni, 28-maktab o‘quvchilari uchinchi o‘rinni egalladilar.

Yengil atletika bo‘yicha 8-9 sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi bellashuvlarda qiz bolalar o‘rtasida 19-sonli maktab o‘quvchisi Mahliyo To‘liboyeva birinchi o‘rinni, 73-sonli maktab o‘quvchisi Hilola Shomurodova ikkinchi o‘rinni, 45-sonli maktab o‘quvchisi Gulshoda Qurbonboyeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek o‘g‘il bolalar o‘rtasida 56-sonli maktab o‘quvchisi Shohrux Rahimov birinchi o‘rinni, 73-sonli maktab o‘quvchisi Adham O‘rozboyev ikkinchi o‘rinni, 83-sonli maktab o‘quvchisi Sardorbek Sobirov uchinchi o‘rinni egalladilar.

Sportning shashka turi bo‘yicha 5-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida kechgan bellashuvlarda qiz bolalar o‘rtasida 15-sonli maktab o‘quvchisi Munisa Nurimbetova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa 12-sonli maktab o‘quvchisi Bekzod Rahimboyevlar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, g‘olib deb topilgan yoshlar respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Ular “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining keyingi bosqichlarida ham tumanimiz sport sharafini munosib himoya qiladilar, deb umid qilamiz.

Aytish joizki, amudaryolik yoshlar mamlakat bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining avvalgi mavsumlarida ham munosib ishtirok etib kelishgan edi. Mazkur musobaqalar tuman yoshlarining intilishlarini, qiziqishlarini, salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tuman hokimligi Axborot xizmati