38 NAFAR YOSHLARGA SUBSIDIYA ASOSIDA MEHNAT QUROLLARI, KOMPYUTER TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z yorqin kelajaklarini barpo etishlariga ko‘mak berish, ish bilan band qilish maqsadida mahallalarda istiqomat qilayotgan ishsiz yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.

10 oktyabr kuni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabi oldida ovul, mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari, ishchi guruh a’zolari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, o‘z daromand manbaiga ega bo‘lmagan bir guruh yoshlarga kasb-hunar bilan shug‘ullanishlari uchun zarur jihozlar taqdim etildi.

Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi xodimlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jamiyat hayotida ayollar va yoshlarning rolini oshirish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada yangi tizim o‘rnatilib, ularni ijtimoiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji, ishtiyoqi bor ayollar, yoshlar uchun “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” joriy etildi. Endilikda har bir mahallada tuman, shahar va viloyat kesimida “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilgan “Temir daftar”lar alohida yuritilmoqda va ular bilan tizimli, manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ayollar va yoshlar bilan ishlashda, ularni faol hayotga jalb etishda muhim asos bo‘lmoqda.

Ushbu yo‘nalishda mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari ma’sullar bilan uyma-uy yurish orqali ishsiz, biroq ishlashga, kasb-hunar o‘rganishga ishtiyoqmand yoshlarni aniqlab, ularning bandligini ta’minlashga, qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda.

Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tumanimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, hayotiy muammolarini hal etish borasida amalga oshirilgan ishlarga keng to‘xtaldi va bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettirilishini, yurtimizda yoshlar kelajagi uchun, ularning yaxshi yashashi, kasb-hunar egallab, o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun g‘amxo‘rlik kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh tavsiyasiga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tumanimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 38 nafar yoshlarga subsidiya asosida kasb faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun zarur jihozlar hamda kompyuterlar topshirildi.

Xususan, 17 nafar ayol-qizlarga tikuvchilik mashinasi, 7 nafar yoshlarga kompyuter, 14 nafar yoshlarga motokultivatorlar topshirildi.

Shu o‘rinda ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash va doimiy daromadga ega bo‘lishlariga imkoniyat yaratish maqsadida mehnat yarmarkalari o‘tkazilayotgani, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotganini ham ta’kidlash joiz. Amalga oshirilayotgan buningdek tizimli chora-tadbirlar yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga, oilasi farovonligini ta’minlashiga xizmat qiladi.

38 nafar ishsiz yoshlarga mehnat faoliyatini boshlashlari uchun asbob-uskunalar taqdim etilgani – 38 ta oilaga quvonch, ertangi kunga ishonch olib kiradi, albatta.

Sevara ISMOILOVA