“Xalqaro qishloq ayollari kuni”ga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi

Туман янгиликлари

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2007 yil 18 dekabrda qabul qilingan “Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga asosan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan bo‘lib, mazkur sana yurtimizda ham keng nishonlanib kelinmoqda.

Sana munosabati bilan 11 oktyabr kuni Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limning tomoshalar zalida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva, tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Nilufar Jumaniyozova, tuman FHDYO bo‘limi ish yurituvchisi Nabira O‘ng‘arova, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar faollari hamda turli sohalar, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qilayotgan faol ayollar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovalar Zoom platformasi orqali respublikamizdagi barcha ayol-qizlarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabrikladilar. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratib berilgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida aytib o‘tdilar.

Davlatimiz rahbari butun dunyo mamlakatlari uchun dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan muntazam ilgari surib kelayotgani, milliy, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega ushbu tashabbuslar nafaqat yurtimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan ham alohida e’tirof etilayotganligi ta’kidlandi.

Bayram munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova so‘zga chiqib, mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, salomatligi muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini hamda onalik va bolalikni har taraflama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash masalasiga qaratilayotgan alohida e’tibor ham shunday muhim tashabbuslar sirasiga kiradi. Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasida erishilgan yutuqlar dunyo ahli namuna olishiga munosibdir.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva o‘z so‘zida qishloqlarda yashayotgan munis buvijon va onaxonlarni, dilbar opa-singillarni 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga va har taraflama barkamol avlodni tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgani uchun ularga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Qishloq ayollarining ulkan matonati, tog‘day sabr-toqati hamda mehnatsevarligidan barchamiz faxrlansak arziydi. Boisi, ular dala-dasht va bog‘-u rog‘da, maktab, shifoxonada mehnat qilishdan, tadbirkorlik, fermerlik bilan shug‘ullanish va aholiga turli xizmatlar ko‘rsatishdan tashqari farzandlarini Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalayotgani tahsinga loyiqdir. Shu boisdan ham qishloq hududlarida yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘irini yengil qilishga ko‘maklashish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash doimiy va eng muhim vazifalardan biridir.

Tadbirda tuman Madaniyat bo‘limi va joylardagi madaniyat markazlari xodimlari tomonidan ishtirokchilarga konsert dasturi namoyish etildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati