MAHALLIY BYUDJETGA YOʻNALTIRILADIGAN SOLIQLARNING OʻZ VAQTIDA TOʻLANISHI DOIMIY NAZORATDA

Туман янгиликлари

Ma’lumki, soliqlar davlat va mahalliy budjetlar daromadlarining asosiy qismini tashkil etadi va budjetning xarajatlar qismi orqali iqtisodiyotga moliyaviy ta’sir ko‘rsatadi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning tegishli ajratma qilingan qismi, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan va boshqa turdagi soliqlar tuman mahalliy budjetiga to‘liq hajmda o‘tkaziladi.

Ta’kidlash joizki, 2023 yilning 8 oyi davomida tumanimiz soliq to‘lovchilari tomonidan budjetga 62 mlrd. 729,3 mln. so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz 2 mlrd. 283 mln. so‘m ortig‘i bilan, ya’ni 103,8 foizga bajarildi. Tuman hududida yer va mol-mulk solig‘ini to‘lovchi jismoniy shaxslar 44272 nafarni tashkil qiladigan bo‘lsa, ularga 2023 yilda 29 mlrd. 553,2 mln. so‘m miqdorida soliq hisoblangan. Shundan 1 sentyabr kunigacha 13 mlrd. 447,4 mln. so‘m budjetga tushum tushishi ta’minlandi.

Jismoniy shaxslarning noturar obyektlarining yer va mol-mulk solig‘iga 2023 yilda 3 mlrd. 710,3 mln. so‘m undirilishi belgilangan bo‘lsa, 1 sentyabr holatiga 2 mlrd. 235,4 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ budjetga undirildi. Deklaratsiya solig‘i bo‘yicha 2023 yilda 851,3 mln. so‘m belgilangan bo‘lsa, shundan 1 sentyabr holatiga 705,8 mln. so‘m mablag‘ undirilib, budjetga yo‘naltirildi.

Joriy yil 1 sentyabr holatiga yakka tartibdagi tadbirkorlar 1372 nafarni tashkil qiladigan bo‘lsa, shundan 861 nafari faoliyat yuritmoqda. Qolgan 511 nafar tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan. Ulardan 1 sentyabr holatiga 616 mln. so‘m soliq pullari undirilib, budjetga o‘tkazilishi ta’minlandi.

Bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini-o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Tumanda 8693 nafar fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Ular tomonidan to‘langan 44,2 mln. so‘m miqdoridagi soliq puli budjetga undirildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi tadbirkor kechagisidan tubdan farq qiladi. Qonunchiligimizda ham ularning manfaatlari uchun qator yengillik va qulaylik yaratishga e’tibor qaratilgan. Buning natijasida, iqtisodiyotda xufyona bozor mexanizmlariga o‘z-o‘zidan chek qo‘yilmoqda. Halol tadbirkor uchun shaffof va qonuniy ishlaydigan davr keldi. Shu bois, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanuvchilar soni bugun 949 nafarni tashkil etmoqda.

Shu paytga qadar tuman DSI xodimlari tomonidan davlatimizda joriy etilgan qator soliq imtiyozlari, soliq yuki va turlarining kamaytirilganligi to‘g‘risida tadbirkorlar o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida 232ta korxonadagi 333 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi. Muhimi, fuqarolar ish o‘rinlariga ega bo‘ldilar.

Agar ushbu ko‘rsatkichlarni sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 216 nafar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 74 nafar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi 18 nafar, shuningdek, qurilish sohasida 25 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi va budjetga 194 mln. so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.

Aholining turmush sharoiti, ijtimoiy himoya, kam ta’minlangan shaxslar, oilalarga yetarli darajada ijtimoiy ko‘mak berish va shu kabi ko‘plab moliyaviy masalalar mahalliy budjet orqali amalga oshiriladi. Bunda mahalliy budjetga tushadigan soliq va yig‘imlar muhim o‘rin tutadi. Shu bois, har bir fuqaro soliq to‘lamlarini o‘z vaqtida to‘lashi, bunga e’tiborli bo‘lishi lozim.

A.Seitov, tuman DSI boshlig‘i.