“BESH MUHIM TASHABBUS – YOSHLARGA QANOT” GRANT LOYIHASI DOIRASIDA “KITOBLAR KARVONI” TADBIRI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning alohida iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida Prezidentimiz belgilab bergan besh muhim tashabbus doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar tobora keng qamrov kasb etmoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan turli xil mavzulardagi ko‘ngilochar tadbirlar, uchrashuvlar, ijodiy ko‘rik-tanlovlar, kitobxonlik kechalari joylarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. “Mening oilam” gazetasi tahririyati tomonidan o‘tkazilayotgan “Besh muhim tashabbus – yoshlarga qanot” mavzusidagi grant-loyihasi doirasidagi nogironligi bo‘lgan yoshlarni qo‘llib-quvvatlash, yoshlar orasida “besh tashabbus” tamoyillarini keng joriy etish va ularni ijtimoiy-ma’naviy yuksaltirishga xizmat qiluvchi tadbirlar o‘zining mazmun-mohiyati bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 11 oktyabr sanasida Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 31-sonli maktabda ham o‘tkazildi.

“Besh muhim tashabbus – yoshlarga qanot” va “Besh tashabbus – besh imkoniyat” mavzularidagi grant loyihasi doirasida “Jayxun ilhomlari” NNT va “Mening oilam” gazetasi tahririyati ijodiy jamoasi hamkorligida tashkillashtirilgan “Kitoblar karvoni” ma’naviy-ma’rifiy tadbirida 31-sonli maktab o‘qituvchilari, kitobxon o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar O‘rozaliyeva ochdi va “Kitoblar karvoni” tadbirini tashkil etib, o‘quvchi-yoshlarga ma’naviy oziq ulashishni niyat qilgan loyiha ijodkorlariga minnatdorchilik bildirdi.

Mazkur ta’lim muassasasida ayni paytda 482 nafar o‘quvchi zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishadi. maktabda 1150ta kitob jamg‘armasiga ega kutubxona mavjud bo‘lib, o‘quvchilarning o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha ilmiy-nazariy va badiiy adabiyotlarni tanlab o‘qishlarida 61 nafar pedagoglar jamoasi hamisha bosh-qosh, yaqin maslahatgo‘y.

“Kitoblar karvoni” tadbirida “Besh muhim tashabbus – yoshlarga qanot” grant loyihasi ijodkorlaridan biri Robiya Yo‘ldosheva yoshlar kitobxonligini rivojlantirish maqsadida “Mening oilam” gazetasi tahririyati tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida batafsil to‘xtaldi. Shu bilan birga kitob mutolaasining yoshlar kamolotidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, “Jayxun ilhomlari” NNT kutubxonasining boy kitob jamg‘armasi, hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti va mumtoz adabiyot namoyondalarining mashhur asarlaridan iqtiboslar keltirib, yoshlarni kitob o‘qishga, shu orqali ma’naviy yetuklikka dav’at etdi.

Tadbir davomida “Kitoblar karvoni” tadbirining hamkori, “Besh tashabbus – besh imkoniyat” loyihasi koordinatori, “Jayxun ilhomlari” NNT raisi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, shoir O‘rozali Reyimov yangi kitoblar ko‘rgazmasini tashkil etdi va mustaqillik yillarida o‘zbek yozuvchi va shoirlari ijod qilgan asarlar taqdimotini o‘tkazdi. O‘quvchi-yoshlar yangi asarlar taqdimotida katta qiziqish bilan ishtirok etdilar. Shu bilan birgalikda “Jayxun ilhomlari” NNT kutubxonasiga a’zo bo‘lish istagini bildirdilar.

Yangi kitoblar bilan tanishish orqali qalblarida ushbu asarlarni mutolaa qilish istagi uyg‘ongan o‘quvchi-yoshlar o‘zlari o‘qigan badiiy asarlar haqida bir-biri bilan fikr almashdilar, o‘qigan kitoblaridan olgan taassurotlari haqida so‘zlab berdilar, taniqli shoirlarning she’rlarini yoddan, ifodali aytishib, tadbir ishtirokchilarini xursand qildilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA