MAHALLA XOTIN-QIZLAR FAOLINING ISH KUNLARI

Туман янгиликлари

Sayyoraxon har kuni mahalla ko‘chalarini oralab  ishga otlanarkan, Prezidentimizning: “...Mahalla xotin-qizlar faoli – mahallaning qosh-u ko‘zlari, ayol-qizlarimizning suyanchig‘i bo‘lishlari kerak”, degan so‘zlarini eslaydi. Qilayotgan ishlari, xotin-qizlar hayotiga qandaydir  yengillik olib kirish borasidagi intilishlari natijasi o‘laroq, mahalla ayol-qizlari turmush tarzida yuz berayotgan o‘zgarishlarni bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazadi. Biridan ko‘ngli to‘lib, yana birlarining chala qolayotganidan bezovta, yangi rejalar tuzadi va dadillik bilan rejalari ro‘yobi uchun ishga sho‘ng‘iydi.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Sayyora Qoraboyeva 2019 yilda Farovon mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar faoli sifatida faoliyatini boshlagunga qadar, 31-sonli maktabda o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berdi. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan Sayyora Qoraboyeva uchun o‘quvchi-yoshlar, hamkasblari, ota-onalar bilan birga ishlashish ulkan hayotiy tajriba maktabi bo‘ldi. Shundanmi, Farovon mahallasi xotin-qizlar faoli sifatida ish boshlaganida xalq bilan muloqot borasida aslo qiynalmadi, mahoratli pedagog sifatidagi ko‘p yillik tajribasi uning mahalla ahli bilan til topishib ketishida muhim omil bo‘ldi.

Mahallaning o‘ziga xos ijtimoiy-ma’naviy, madaniy-iqtisodiy hayoti bilan tanishish asnosida Sayyoraning yon daftarida har kuni yangi-yangi qaydlar paydo bo‘ldi. Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va MFY Kengashi a’zolari bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini xonadonbay ishlashdan boshlagan Sayyoraning  yon daftarida 1261 nafar ayol-qizlar, ularning turmush tarzlariga oid yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan aniq ma’lumotlar shakllandi. Unga ko‘ra, eng avvalo ma’lum sabablar bilan uylarida o‘tirib qolgan, lekin ishlash istagida bo‘lgan ayollarning bandligini ta’minlash maqsadida ular bilan alohida suhbatlar o‘tkazdi. Mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarova bilan hamkorlikda ishsiz xotin-qizlarning o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun har birining imkoniyatlaridan kelib chiqib, imtiyozli kredit olishlari uchun zarur choralar ko‘rildi.

Xususan, 18 nafar ayol-qizlarning turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlariga ko‘maklashish maqsadida biznes-g‘oyalari to‘liq o‘rganilib, imtiyozli kreditlar olib berildi. Bundan tashqari, 11 nafar  ishsiz ayollar jamoat ishlariga jalb etildi.

Agar oilada ayol-qizlar tinch va xotirjam  bo‘lsa, jamiyat hayotida hamisha osoyishtalik va farovonlik bo‘ladi. Shuning uchun ham Sayyora Qoraboyeva xonadonma-xonadon yurib, xalq orasiga kirib borgan sari jamiyatda osoyishtalik hukm surishi uchun eng avvalo oila muhiti sog‘lom, ayol-qizlar ko‘ngli xotirjam, o‘z hayotidan rozi yashashi zarurligini, buning uchun har bir ayol-qizning  ijtimoiy faolligini oshirish bugungi davr talabi ekanligini chuqur  anglagan holda ish yuritdi.

Natijada 2023 yilda 4-bosqich “Ayollar daftari”ga 71 nafar xotin-qizlar kiritildi. Jiddiy o‘rganishlar natijasida 18 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar daftarning 1-toifasiga kiritilib, ularning barchasining bandligi ta’minlandi. Hokim yordamchisi bilan doimiy hamkorlik natijasida 3 nafar ishsiz, ehtiyojmand ayolga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.

Oddiy ish kunlarining birida xonadonbay yurib, ayol-qizlar bilan muloqotda bo‘lgan Sayyora Qoraboyevaga umumta’lim maktabini tugatib, OTMga o‘qishga kira olmagan 3 nafar qiz murojaat qilishdi. Ularning murojaatlarini yon daftariga qayd qilib qo‘ygan Sayyoraxon hokim yordamchisi bilan hamkorlikda uchala qizga ham tikuv mashinasi olib berilishida ko‘maklashdi. Natijada mahallaning uch nafar chevar qizi o‘zlarining chevarlik faoliyatini boshlab yuborishdi.

“Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 9 nafar xotin-qizlarning istak-xohishlari ham inobatga olinib, kasb-hunarga o‘qitildi, 5 nafar kasb-korga ega ayol-qizlar esa doimiy ishga joylashtirildi.

Mahalladagi nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan ayollar holidan xabar olish, ular hayotiga oid muammolarni birinchi galda hal etish S.Qoraboyeva faoliyatidagi doimiy dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Shu bois, aynan ana shunday toifadagi ayol-qizlar Sayyoraxonning hamisha e’tiborida. Ularning uy-joylarini ta’mirlab berish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi borasidagi muammolarini hal etishlarida mahalla mas’ullari bilan birgalikda yaqin ko‘makdosh. Aynan ana shunday ayol-qizlarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida uy-joylari ta’mirlab berildi. Ijara uylarda yashovchi 3 nafar xotin-qizlarning  ijara to‘lovlari uchun kompensatsiya ajratildi.

Mahallada oila mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan e’tibor tufayli oilaviy nizolar keskin kamayishiga erishildi. Yig‘in Kengashi a’zolari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli 7ta notinch oilalar yarashtirilib, ajrashib ketishlarining, mazkur oilalardagi murg‘ak go‘daklarning tirik yetim bo‘lib qolishlarining oldi olindi. Bundan tashqari, mahalla hududidan boshqa ovul va mahallalarga turmushga chiqqan qizlarning kelin bo‘lib tushgan oilalarida tinib-tinchib ketishlarini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-tarbiyaviy ishlar, yosh qizlarni turmushga tayyorlash, yaqin qarindoshlar bilan, shuningdek, erta nikohning oldini olish maqsadida TTB shifokorlari, Amudaryo televideniyesi va “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyatlari ijodkorlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori”, “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot”, “Buvijonlar o‘giti” mavzularidagi oshkora va samimiy muloqot tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sayyoraxon Qoraboyevaning ish kunlari hamisha ana shunday, mahalladoshlari hayotiga yanada fayz, osoyishtalik baxsh etishga qaratilgan el-yurt manfaati yo‘lidagi xayrli tashvishlar bilan o‘tadi. U xonadonma-xonadon kirib borib, ayol-qizlar bilan muloqotda bo‘lishdan, ularning muammolarini  o‘rganishdan, hayotlarida yengilliklar yaratishga intilishdan aslo charchamaydi.Yon daftaridagi sahifalar esa  biri-biridan xayrli ishlar to‘g‘risidagi qaydlar bilan to‘lib boraveradi...

Robiya YO‘LDOSHЕVA.