HUNARIDAN RIZQ TOPAYOTGAN AYOL

Туман янгиликлари

Olmazor mahallasi tumanimizning yashil toifadagi tinch-osoyishta, obod va fayzli go‘shalaridan hisoblanadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari hududdagi xonadonlarda tez-tez bo‘lishib, ishsiz, ishga yaroqli fuqarolarning bandligini ta’minlashga, ularga munosib turmush sharoitlari yaratishga harakat qilishadi, ayniqsa manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kirilgan yoshlar, ayollarning holidan xabar olishib, imkon qadar qo‘llab-quvvatlashga intilishadi.

“Ayollar daftari”ning 6-toifasiga ro‘yxatga olingan Shahlo Bekmurodova 5 nafar farzandning onasi, 4 nafari hali voyaga yetmagan, kichkinasi esa 2 yoshda. U uzoq yillar farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullandi. Turmush o‘rtog‘i Rustam O‘taboyev o‘z xizmat lavozimida sidqidildan ishlab, oilasini ta’minlab qo‘yishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Shahlo bekor o‘tiraverishni o‘ziga ep ko‘rmadi.

Mamlakatimizda ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hech kimdan kam bo‘lmay mehnat qilishlariga, o‘z iqtidorini namoyon etishlariga sharoit yaratish uchun qilinayotgan g‘amxo‘rliklar unga dalda bo‘ldi. Ishlash istagini, lekin farzandlarini qarovsiz qoldirib keta olmasligini mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullariga borib aytdi. Ularning maslahatiga ko‘ra, tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘zini o‘zi band qildi.

Uning aynan tikuvchilik yo‘nalishini tanlagani bejiz emasdi. Chunki bolaligida buvisi unga do‘ppi, kiyimlar tikishni o‘rgatgan, har bir qizning qo‘lida hunari bo‘lsa, hayotda qiynalmaydi, hunarli bo‘l, xor bo‘lmaysan, deya ko‘p nasihat qilardi. O‘zi nevarasining qo‘liga ninani olib, choklarni tikishini kuzatib o‘tirar, erinmay xato qilgan joylarini qayta tikishni buyurardi, ulg‘aygach, ishni tikuv mashinada ishlaydigan bo‘ldi. Shu tariqa yillar o‘tib, binoyiday chevar bo‘ldi. Ota uyida vaqtida dastlab Mang‘itdagi, keyinchalik Toshkentdagi tikuv sexlarida ishladi.

Shahlo Bekmurodovaning buvisidan o‘rgangan bu hunari hayotida juda asqotdi. Hozirgi kunda ham o‘z oilasida, farzandlariga ko‘z-quloq bo‘lib o‘tirib tikkan kiyimlari mijozlarga juda manzur bo‘layotir. U buyurtma asosida turli fasonlarda ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlarini tikishdan tashqari, turli o‘lchamdagi kiyimlarni tikib, bozorga ham chiqaradi.

Ota-bobolarimiz “hunar ­– hunardan rizqing unar”, deb bejiz aytishmagan. Qolaversa, nechta hunaring bo‘lsa-da, ko‘plik qilmaydi odamga. Buni juda yaxshi his qilgan Shahlo Bekmurodova mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari ko‘magida 5,5 million so‘m imtiyozli kredit hisobiga turli pishiriqlar pishiradigan uskuna sotib oldi va bu borada ham ancha mahoratga ega bo‘ldi. Tinib-tinchimas ayol yaqinda tadbirkorlik asoslari bo‘yicha o‘quv kursida o‘qib, maxsus sertifikat oldi va faoliyatini kengaytirish, tadbirkor sifatida tikuv sexi ochish niyatida.

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinib, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani uni ulkan marralarga chorlaydi, fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va manfaatdorligi uchun shart-sharoitlar yaratilganligi, qonuniy manfaatlari himoya qilinayotganidan quvonadi.

Yurtimizda Shahlo kabi intiluvchan, mehnatkash va oilasiga fidoyi ayollar ko‘payaverishini tilab qolamiz.

Oygul RAJABOVA