STRATEGIYA HAR BIR INSONGA SALOHIYATINI ROʻYOBGA CHIQARISHIDA MUNOSIB SHAROITLAR YARATADI

Туман янгиликлари

Davlatimiz rahbarining maxsus Farmoni bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur strategiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi farovonligiga erishishdir.

Ushbu strategiyada barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabilar ko‘zda tutilgan. Unda har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan 44 ta maqsad, ya’ni 1-maqsaddan – 44-maqsadgacha ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 130 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 38 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash va qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi.

Mazkur Strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarning eng ustuvor vazifasidir.

S. Davletmuradov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi.