GRIPP VA OʻTKIR RESPIRATOR VIRUSLI INFEKSIYALARNING OLDINI OLISH BOʻYICHA TARGʻIBOT TADBIRLARI OLIB BORILMOQDA

Туман янгиликлари

Gripp eng keng va tez tarqaladigan o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos bo‘lib, asosan, kuz va qish oylarida ko‘p holatda ro‘yxatga olinadi.

Amudaryo tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumi oldidan gripp kasalligiga qarshi emlanishi lozim bo‘lgan kontingentlar aniqlanib, gripp kasalligiga qarshi 15150 doza profilaktik vaksina olib kelindi. Vaksinalar tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli barcha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlariga tarqatildi.

Ushbu vaksinalar bilan 3100 nafar maktab o‘qituvchilari, 950 nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari, 1925 nafar tibbiyot xodimlari, 9175 nafar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchi bolalar, jami 15150 nafar aholini gripp kasalligiga qarshi emlash ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda rejada belgilangan kontingentdan 12582 nafari, ya’ni 83 foizi to‘liq emlandi.

Tumanimizda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalinishning oldini olish maqsadida emlash ishlari davom ettirilmoqda. Chunki kasallik qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy putur yetkazadi. Shu bois, salomatlikka bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilamiz.

M.Amankulov, shifokor-epidemiolog