FANLAR OLIMPIADASINING TUMAN BOSQICHI OʻTKAZILMOQDA

Туман янгиликлари

2023 yil 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan edi. Qarorga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g‘oliblarni rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

17 oktyabr kuni Amudaryo tumanidagi 40-sonli maktab binosida tumandagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fanlar olimpiadasining tuman bosqichi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda olimpiadaning quyi bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 85ta maktab hamda 2ta kasb-hunar maktabining jami 2ming 600 nafar o‘quvchilari g‘oliblik uchun bellashdilar.

Umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning bilimini baholashda fanlar olimpiadasi muhim o‘rin tutadi. Joriy yilda ham mazkur tadbirni yuksak tashkilotchilik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘quvchilar 16ta fan, jumladan tarix, geografiya, qozoq tili, qoraqalpoq tili, ingliz, fransuz, nemis, kimyo, rus tili, biologiya, informatika, fizika, matematika, ona tili fanlaridan o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Mazkur fan olimpiadasining haqqoniy va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buyrug‘i asosida hududlarga mas’ullar biriktirildi. Amudaryo tumaniga biriktirilgan Respublika metodika markazi metodistlari Minayxan Erjanova, Fazilat Zaripova hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining ma’sul xodimlari 200 nafarga yaqin hakamlar hay’ati a’zolari bilan birgalikda fanlar olimpiadasining tuman bosqichini kuzatib, baholab bordilar.

Fanlar olimpiadasida ta’lim muassasalarida o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, salomatligini muhofaza qilish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda barcha shart-sharoit yaratildi. Har bir auditoriyaga nazoratchilar biriktirildi.

Aytish joizki, bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ushbu yaratib berilayotgan imkoniyatlarga javoban yoshlarimiz ham turli sohalarda o‘zlarining faolliklarini ko‘rsatib kelishmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, tumanimizda 85ta umumta’lim maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni 38ming 476 nafarni tashkil qilib, 4 ming 64 nafar o‘qituvchilar yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Respublika budjetidan qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 6ta umumta’lim maktabida 17,2 mlrd. so‘mlik qurilish ta’mirlash ishlari olib borildi. Koreya Respublikasining Eksimbank grantlari hisobidan 6ta umumta’lim maktabiga 96 dona, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 noyabrdagi Qarori asosida 17ta maktabga 176 dona zamonaviy kompyuter jamlanmalari yetkazib berildi. Yaratilayotgan bu kabi sharoitlar o‘quvchilarni ilm-fan sirlarini yanada chuqur o‘rganib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib yetishishga da’vat qilishi tabiiy.

5 kun davom etadigan fanlar olimpiadasining tuman bosqichi yakunlariga ko‘ra 144 nafar g‘oliblar va 2-3-o‘rinlar sohiblari aniqlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari va diplom bilan taqdirlanadi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati