ODDIY QISHLOQ OʻQITUVCHISI

Туман янгиликлари

O‘tgan asrning 60-70-yillari qishloq yoshlari uchun oson bo‘lmagan. Buni o‘rta avlod vakillari juda yaxshi bilishadi. Chunki aynan ana shu yillarda O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi davri hukm surgan, “qishloqda yashadingmi, texnika (to‘g‘rirog‘i, traktor) boshqarishni o‘rgan!” shiori ostida umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘sha paytdagi kolxoz-sovxozlar markaziy ustaxonalari qoshida tashkil etilgan qisqa muddatli mexanizatorlar tayyorlash kurslarida  majburiy ravishda o‘qitilardi. Paxta yig‘im-terimi pallasida esa ana shu mexanizatorlar tayyorlash kursi o‘quvchilari  mehnatidan kolxoz-sovxozlar suv tekin foydalanishardi. Hali 17-18 yoshga to‘lmagan o‘smir  yigitlar traktor boshqarishar, terilgan paxtani qabul punktlariga olib borishda qatnashar, yarim kechalargacha dalalar boshida qolib, ko‘sak chuvish kombaynlari to‘kkan ko‘sakni varaxa agregatidan chiqarishda kattalar bilan bab-baravar mehnat qilishardi.

Shundanmi, Qangli elatidagi kolxozda paxtachilik brigadasini boshqargan mashhur  paxtakor (Alloh rahmat qilsin) Xudoybergan ota Matchonov har galgi paxta yig‘im-terimi mavsumida qora mehnatdan boshi chiqmaydigan farzandlariga jiddiy talab qo‘ydi:

– Mening, onangizning umrimiz dalalarda o‘tayotir, texnikani o‘rganganlaringiz yaxshi, lekin sizlardan birdan-bir talabim – o‘qinglar. Ota-bobolarimiz “o‘qigan – o‘zadi”, deb bekorga aytishmagan. Qishloqni rivojlantirish uchun ham o‘qishingiz kerak! – dedi

qat’iy.

Ular oilada 4 o‘g‘il, ikki qiz edilar. To‘rt o‘g‘ilning  uchinchisi bo‘lgan Tozaboy ikki akasidan keyin otasining o‘git-nasihatlariga amal qilib, umumta’lim maktabini tugatgan yiliyoq Toshkent shahriga yo‘l oldi. 1981 yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirgan Tozaboy o‘qish davomida otasining jamiki o‘git va maslahatlari uning o‘z kelajagi yo‘lidagi orzu-intilishlariga tolmas qanot bag‘ishlaganini his etdi. “Otam to‘g‘ri aytadilar, o‘yladi u, – axir shajaramiz manglayiga “dehqon” deb  yozib qo‘yilmagan-ku, umrimiz dalada, Qangli qishlog‘idan narini ko‘rmay o‘tib ketishimiz  – gumrohlik”. Tozaboy o‘qish jarayonida hamqishloqlari hayotiga o‘zgarishlar olib kirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga Qangli qishlog‘i, Amudaryo tumani, qo‘yingki, Qoraqalpog‘iston bilan tutashib ketgan ona Yurt kengliklari, ana shu bepoyon Vatan sha’nini yuksaltirish uchun o‘qib, bilim olish juda muhimligini anglatib yashash zarurligini chuqur idrok etdi.

U 1985 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, ona qishlog‘idagi S.To‘ramurodov nomidagi sakkiz yillik maktabda ilk mehnat faoliyatini boshladi. Institut tahsili  boshqa, maktab hayoti tamoman boshqa olam edi. Chunki maktabning 5-sinfidan 8-sinf o‘quvchilarigacha kuzda paxta yig‘im-terimiga, bahor va yozda g‘o‘za parvarishiga jalb etilar, maktablarda har choraklik uchun belgilangan dastur asosidagi darslar oylab qolib ketardi. Nima, qilish kerak? Ko‘pchilik Tozaboyga:

– Senga oson, o‘quvchilarning qo‘liga bitta koptokni berib, stadionga olib chiqsang, bas, dars o‘z-o‘zidan o‘tilaveradi, – deyishardi.

Negadir jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining ishiga ko‘pchilik shunday yuzaki baho berishga odatlanib qolishgandi. Lekin  mas’uliyat yuki-chi? Aynan shu fanga ixlosi baland o‘quvchilarning qiziqishlari-chi? Ularning iqtidoriga loqayd qarab bo‘ladimi axir?

Tozaboy Matchonov bunday qarashlarni so‘ndirish uchun ham butun vujudi bilan ishga kirishdi. U turli majburiy ishlarga jalb etilayotgan o‘quvchilarining jismoniy tarbiya fanini chuqur o‘zlashtirishlari uchun bor bilim va salohiyatini safarbar etdi. Qoldirilgan har bir darsni o‘quvchilar tez va qisqa fursatlarda o‘zlashtirishlari uchun sharoit yaratdi. Amaliy va nazariy dars-soatlarining uzviyligini ta’minladi. Ham sinfda, ham maktab  stadionida alohida iqtidorli o‘quvchilar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib bordi. Natijada shogirdlari orasidan sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalarning tuman, respublika miqyosida g‘oliblari, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari yetishib chiqdi.

O‘z fani asoslarini puxta egallagan yetuk pedagog kadrlar ta’lim-tarbiya sohasida hamisha qadrlanadi. Bu borada Tozaboy Matchonovning ham bilim va salohiyatidan samarali foydalanishga intilgan maktab rahbarlari ko‘p bo‘ldi. 1989-1994 yillarda u Amudaryo tumanidagi yetakchi ilm maskanlaridan biri hisoblangan 11-sonli umumta’lim maktabida, keyinchalik 29-sonli maktabda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirdi. O‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sportga qiziquvchi yoshlarni atrofiga jamladi, kurash, shaxmat sporti to‘garaklarini tashkil etdi. “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida qatnashgan o‘quvchilari Amudaryo tumani birinchiligida, mazkur musobaqalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. 1994 yildan hozirgi kunga qadar 29-sonli maktabda faoliyat yuritayotgan oliy toifali o‘qituvchi Tozaboy Matchonovning o‘quvchilari deyarli har yili an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport  musobaqalarining doimiy g‘olib va sovrindorlari safidan joy olib kelishayotganining o‘zi oddiy qishloq maktabi o‘qituvchisining o‘z sohasining yetuk mutaxassisi ekanligidan yaqqol dalolat.

Xususan, Tozaboy Matchonov rahbarligidagi o‘quvchi-yoshlar qatorasiga 3 yilki, “Umid nihollari” sport musobaqalarida sportning yengil atletika, kurash turlari bo‘yicha tumanda 1-o‘rinni, Respublika miqyosida faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. 2022-2023 o‘quv yilida esa “Besh tashabbus olimpiadasi”ning parashaxmat musobaqasida ham Tozaboy Matchonovning o‘quvchilari tuman g‘olibligini qo‘lga kiritib, musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli 3-o‘rinni egallashdi.

Dono xalqimiz tilidan-tillarga ko‘chib, o‘z qadri-qimmati bilan hamon yuqori tutilguvchi bir hikmat borki, nazarimda ana shu hikmat Tozaboy Matchonov kabi fidoyi o‘qituvchilar shaxsiga qarata aytilganday. Ya’ni, “Ustozidan ilm olgan shogirdlari qator tursalar, ul ustoz chin ustozdir”. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, Tozaboy Matchonovdan “ilm olib, qator turgan” shogirdlari behisob. Xususan, ustoziga havas qilib, jismoniy  tarbiya va sport sohasi fidoyilari bo‘lib yetishgan shogirdlaridan Gulandom Xudoyberganova, Shohista Xudoyberganova, Go‘zal Yo‘ldosheva, Javlonbek Xudoyberganov, Nigora Sultonmurodova, Nuriddin Qurbonboyev, ... yana qancha yoshlar jismoniy madaniyat mutaxassislari sifatida faoliyat yuritishmoqda. O‘nlab shogirdlari O‘zbekistonning turli hududlaridagi OTMlarda jismoniy madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha  tahsil olishmoqda.

Mana, 38 yildirki, Tozaboy Matchonov har tongni, o‘quvchilari davrasida kechadigan, biri-biridan qiziqarli dars-mashg‘ulotlarini intizorlik bilan shodon qarshilaydi. Beixtiyor o‘quvchilik davrining deyarli uchdan bir qismi, balki undan-da ko‘prog‘i  kolxoz dalasida o‘tgan damlarini eslaydi.

O‘quvchilariga o‘tmishda qolgan o‘sha og‘ir damlar ertakday tuyulishi mumkin, lekin  bir necha o‘n avlod ana shunday og‘ir kunlar silsilasida yashab, mehnat qilgani, o‘qish uchun  intilgani – haqiqat.

– Sizlar uchun dorilomon zamona keldi, o‘qinglar, o‘qigan – o‘zadigan davrda  yashayapsizlar, – deydi mamnuniyat bilan va otasining o‘gitlarini shogirdlariga takror-takror eslatadi:

– Qishloqni rivojlantirish uchun ham o‘qish, ilm-u ziyo kerak, o‘qinglar.

Tozaboy Matchonovni ko‘pchilik qattiqqo‘l, qat’iyatli o‘qituvchi sifatida hurmat qilishadi. Balki shundaydir. Katta leytenant harbiy maxsus unvoniga ega o‘qituvchi bo‘lganidanmi, o‘quvchilariga o‘z fanidan qat’iy talablar qo‘yishga odatlangan Tozaboy Matchonovning shogirdlari jismoniy madaniyat fanini o‘zlashtirishda xuddi o‘qituvchisi kabi qat’iyatli, intiluvchan. Ishda qat’iyat va ishonch uyg‘un bo‘lsa, muvaffaqiyat sari yo‘l ochilaveradi.

Tozaboy Matchonov nafaqat hamkasblari va shogirdlari, balki o‘zi istiqomat qiladigan mahallada ham hurmat-e’tiborga munosib, oilaparvar, mehribon va madaniyatli ota sifatida umr yo‘ldoshi Zamiraxon Yernazarova  bilan biri-biridan o‘qimishli ikki qiz, bir o‘g‘ilni kasb-korli qilib voyaga yetkazishdi. Shirin-shakar nevaralarga bobo bo‘ldi. Bir vaqtlar o‘zining xayolidan kechgan: “shajarasiga “dehqon” deb yozib qo‘yilmagan”ini aka-ukalari va o‘zi amalda isbotladi. Bugun uning oilasi haqiqiy ziyolilar bilan obod. Qilayotgan ezgu ishlari davlatimiz tomonidan e’tirof etilayotgani, yuqori tashkilotlarning faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari bilan taqdirlanayotgani esa qalbiga quvonch bag‘ishlaydi, ertangi kuniga ishonch uyg‘otadi. “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” – umumxalq bayrami munosabati bilan oddiy qishloq maktabi o‘qituvchisi Tozaboy Matchonovning fidoyi mehnatlari davlatimiz tomonidan yana bir bor e’tirof etilib, “Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. E’tirof, hurmat, e’tibor va rag‘bat – bu xalq ehtiromi, ishonchining yorqin ifodasi.

Zahiradagi katta leytenant, yuzlab yoshlarning sevimli ustozi Tozaboy Matchonov hamon postda – yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi eng mas’uliyatli, eng sharafli vazifani ado etishda hamisha sobit, hamisha qat’iyatli. Ana shu tuyg‘ularga hamroh yashash esa uning ezgu a’moli.

 

Robiya YO‘LDOSHЕVA.