“OTA-ONANG QAYERDA ISHLAYDI?!” yoxud taʼminotchi taʼminotga muhtoj boʻlsa...

Туман янгиликлари

"Mening dadam shifokor", "mening dadam bank xodimi", "mening onam o‘qituvchi" va hokazo...

Sinfxonadagi bolalarning teng yarmi o‘qituvchisining: "ota-onang qayerda ishlaydi?", degan savoliga shu tariqa javob berishdi. Biroq aksariyat o‘quvchilar aynan mana shu savolga javob berishga iymanib, pastgina ohangda otasi ishlamasligini va onasi uy bekasi ekanligini aytishdi. Kamiga yana xuddi ayb ish qilganday boshlarini quyi solib, yengil xo‘rsinib qo‘yishdi. Ha, ularning doskaga chiqib gapirgandagi burro tillari aynan o‘sha savolga kelganda...

Ko‘zoynagi ostidan nigohida savol bilan mo‘ralagan biroz befarosat o‘qituvchi yana bolalarga savol bilan yuzlanadi:

– Unda qanday qilib kun ko‘rasiz?!

– Bobom bilan buvim pensiya olsa, menga "shkalat"ga pul beradi...  Jajji bolajonlar suhbatga shu tariqa yakun yasadi. Qolgan bolalar ota-onasi ishlamaydigan shu "aksariyat" sinfdoshlarining ustidan kuldi, ota-onasining nima uchun hech qayerda ishlamasligining sababini tushuna olmaydigan jajjilarning ko‘ngli shafqatsiz etiklar ostida qolgan yaproqday ezildi. Ustoz sinfni tartibga chaqirdi-yu, darsni davom ettirdi...

"Bandlik", "bandlikni ta’minlash", "kambag‘allikni qisqartirish" bugun jamiyatimizda, OAVlarda eng ko‘p qulog‘imizga chalinaverib, yod bo‘lib ketgan so‘zlar. Va aynan mana shu bandlikni ta’minlash masalasida yurtimizda aytsang, aytishga arzigulik e’tirofga munosib ishlar amalga oshirilmoqda ham. Odamlar orasida yurib, davlatimiz siyosatini qo‘llab-quvvatlaydigan, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan islohotlaridan rozi bo‘lib ularni duo qilayotgan yurtdoshlarimizni uchratamiz. Haqiqatan, jamiyatimizda harakat qilgan, o‘zida chinakam mehnatkashlik qobiliyati bor bo‘lgan inson borki, bugun halol rizqini topib hayot kechirmoqda. Ko‘proq harakat qilgan, o‘z ustida ishlagan, dangasalik qilmagan, ishning ko‘zini biladigan shaxslar borki, ular esa faqat o‘zining bandligini ta’minlab qolmasdan, atrofidagilarni ham ish faoliyatiga jalb qilmoqda. O‘zidan tashqari, yana bir necha o‘nlab, yuzlab kishilarning uyida qozoni qaynashiga hissa qo‘shmoqda. Biroq, oramizda yana shunday odamlar borki, ularning bolalari "ota-onang qayerda ishlay-di?" degan savolga javob bergisi kelmaydi. Bu insonlarning qaysilaridir uzrli sabablarga ko‘ra mehnat qilolmaydi, qaysilaridir umri davomida "yaxshi"roq ish izlab, umri o‘tib ketadi, yana birlari esa mehnat qilishga layoqati bo‘lsa-da harakat qilishni, xalq tili bilan aytganda jonini qiynashni istamaydi. (Kimningdir

hisobiga hayot kechiradi).

Islohotlar aynan mana shu insonlarning bandligini ta’minlash, ularga imtiyozli kreditlar berish, hunarmandchilikka o‘rgatish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabi imkoniyatlarni taqdim etadi, lekin ularning o‘zlari bu yordam qo‘llarini rad etadi. Harakat qilishni yana xohlamaydi. Bu gap bilan biz jamiyatni tabaqalarga ajratmoqchi emasmiz, kimdir boy, kimdir kambag‘al deyishdan yiroqmiz. Shunchaki, insonlarning ijtimoiy faoliyatiga, yashash tarziga chetdan baho berib, loaqal shu maqola sabab ular ham o‘ylansa, harakatga tushsa, degan niyatda gapiryapmiz. Aslida esa, insonning qadr-qimmati uning ijtimoiy kelib chiqishi yoki karerasi bilan o‘lchanmaydi.

Ammo, jamiyatdagi turli xil ko‘ngilsizliklar, jinoyatlar bekorchilik oqibatida kelib chiqadi.Tumanimizdagi ish bilan band bo‘lgan va band bo‘lmagan aholi statistikasi bilan qiziqdik. Mana o‘sha statistika: 2023 yil yanvar-iyun holatiga iqtisodiy faol aholi 82,6 ming kishi (74,9%) va iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi 27,8 ming kishi (25,1%)ni tashkil qiladi.  Iqtisodiy faol aholi o‘z navbatida quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

 ish bilan band bo‘lgan aholi – 75,7 ming kishi (91,6%);

ishsizlar - 6,9 ming kishi (8,4%) ni tashkil etadi.

Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi o‘z ichiga  quyidagilarni oladi:

o‘quvchilar va talabalar 6,5 ming kishi (23,4 %);

ixtiyoriy ishlamaydigan shaxslar 9,4 ming kishi (33,7%);

bola parvarishi bilan bandlar 11,9 ming kishi (42,9%);

To‘g‘ri, ushbu statistikada keltirilishicha, tumanda band bo‘lmagan aholi soni u darajada katta raqamni tashkil qilmaydi. Ammo baribir hamma qandaydir foydali ish bilan shug‘ullansa, uyida qari ota-onaning plastik kartasiga qachon nafaqa tushar ekan, deb kutib yotmasa-da, deysan kishi.

Aziz mushtariy, bolangizdan ustozi "ota-onang qayerda ishlaydi?" deb so‘raganida siz bilan faxrlanishini, "mening otam falonchi, falon joyda ishlaydi, mening onam pistonchi, u yaxshi mutaxassis", deyishini xohlaysizmi?! Uning kelajagini porloq qilishni, hayotda o‘z o‘rnini topishini-chi? Unda harakatni bugundan boshlang.  Hozirdan boshlang! Rivojlangan davlatlar amaliyotiga nazar soladigan bo‘lsak, ayrim mamlakatlarda ota-onalar farzandini boqa olishga ko‘zi yetganda, hech kimdan kam qilmasligiga amin bo‘lganda oila quradi.  Yana ayrimlarida farzandi kelajagini o‘ylagan ota-onalar bola dunyoga kelgan payti unga hisob raqam ochdiradi. Bir tomoni quvonarliki, shu ayrim davlatlarda ota-onalar bolasini faqatgina moddiy jihatdan ta’minlashni o‘zlariga burch deb bilsa, bizda moddiy ta’minotdan tashqari, ma’naviy tarbiya, odob-axloq degan tushunchalar ham unga egiz bo‘lib keladi. Demoqchimanki, har ikkisi bir-biriga hamohang bo‘lib kelsa, qanday yaxshi-ya, gazetxon! Har kuni o‘zing sevgan ish bilan shug‘ullanish, ana shu kasbing yo hunaring ortidan daromad topish, ertalab uyingdan oila mas’uliyati bilan chiqib ketib, kechqurun oila a’zolaring bilan sog‘inib diydorlashish naqadar go‘zal. Hech nima qilmasdan yashash, tanballik insonni xarob qiladi. "Kelinim yoki qizimni ishlatmayman, supurgisini eplasin", degan gapni shior qilib olgan kimsalar ham qattiq adashadi. Ba’zan shu "supurgisini eplash" (ya’ni ro‘zg‘or tutish) uchun ham odam dunyoni anglagan, yaxshi-yomonni tanigan bo‘lishi shart, qaysidir ma’noda. Farzandlar esa ota-onadan o‘rnak olib ulg‘ayishi – haqiqat.

Yorug‘ sinfxona. Ona tili darsi. O‘qituvchi o‘quvchilarga "Ota-onam tanlagan kasb" mavzusida insho yozishni topshiriq qilib berdi. Sinfdoshlarning teng yarmidan ko‘pi inshoni yozishni allaqachon boshlab yubordi. Ularga fikrlar quyilib kelardi, murakkab qo‘shma gaplarga qo‘shilib, faxr, iftixor degan tuyg‘ular daftarga ko‘char edi. Biroq, sinfdagi aksariyat o‘quvchilarning qo‘lida bo‘m-bo‘sh qog‘oz. Qiziq, ular dars oxirigacha daftariga nimani yozar ekan-a...

Aziza Madrahimova.

(tuman Statistika bo‘limi ma’lumotlari asosida tayyorlandi).