HOKIM YORDAMCHILARI TUMANIMIZ AHOLISINING YAQIN KOʻMAKCHILARIGA AYLANMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz mahallalarida o‘tgan yildan hokim yordamchilari ish boshlagan edi. Bu tizim ahvoli og‘ir oilalarga manzilli ko‘mak berish, ularni ishbilarmonlikka jalb qilish orqali kambag‘allikni qisqartirish va xalqimizning umumiy farovonligini ta’minlashga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etib, o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi.

Amudaryo tumanida ham barcha ovul va mahallalarda aholini o‘ylantirayotgan va tashvishlantirayotgan muammolarga yechim topishga kirishgan hokim yordamchilarining sa’y-harakatlari natijasi ko‘zga tashlanmoqda. Ularning xonadonma-xonadon yurib, har bir muammoga yechim topishga astoydil ko‘maklashayotgani, tashvishlariga yelka tutayotganidan aholi mamnun bo‘lmoqda.

Tumanda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari tomonidan 2023 yil uchun rejaga muvofiq 37 216 ta xonadonlar xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov davomida uyma-uy yurib suhbatlashilib, fuqarolarning oilaviy sharoitlari, muammolari o‘rganildi, xohish-istaklari, kelajak rejalari bilan qiziqib ko‘rildi. Shunga ko‘ra, ovul va mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholining turmush darajasini yaxshilashga doir chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Endilikda ularni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu yil iyul oyida hokim yordamchilari tomonidan 999 nafar shaxsning bandligi ta’minlangan bo‘lib, shundan 295 nafari doimiy, 318 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan bo‘lsa, 386 nafari o‘zini-o‘zi band etgan. Shuningdek, hokim yordamchilari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 792 nafar fuqaroga 11 mlrd. 57 mln. 325 ming so‘m miqdorida kredit ajratish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Hokim yordamchilari tomonidan tuman bo‘yicha ehtiyojmand oila vakillariga bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya ajratish bo‘yicha ham xatlov ishlari o‘tkazildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar 1-sektor hududidagi Beshtom va Uyshin mahallalarida,  2-sektor hududidagi Farovon mahallasida, 3-sektor hududidagi Durunki mahallasida, 4-sektor hududidagi Namuna mahallasida hokim yordamchilari tomonidan jadal olib borilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jalik yerlarini ijaraga berish orqali aholining bandligini ta’minlash va oilasiga daromad kiritish bo‘yicha olib borilgan tahlil natijasiga ko‘ra, 790,8 gektarga yaqin yer maydoni ajratilib, auksionga qo‘yish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Bu bo‘yicha ishlar Jumurovul mahallasi va Kuyukko‘pir ovullaridagi hokim yordamchilari tomonidan boshqa hududlarga nisbatan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga hokim yordamchilari tomonidan joriy yil may oyida 428 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Ularning ko‘magida shu kungacha jami 311 ta tadbirkorlik subyektlari yangidan tashkil etilgan bo‘lib, shundan 159 nafari yakka tartibdagi, 152 nafari yuridik maqomdagi tadbirkorlar hisoblanadi.

O‘z faoliyatlari davomida ushbu vazifalarni sidqidildan bajarib kelayotgan hokim yordamchilari tumanimiz aholisining hayotidagi tashvishlarini yengillatayotgan yaqin ko‘makchilarga aylanishga ulgurishdi. Ularning yordami bilan bandligi ta’minlangan, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib daromad topayotgan, muammolariga yechim topayotgan amudaryoliklar ijobiy o‘zgarishlarni o‘z hayotlarida ko‘rishmoqda.

Erkin Rajabov,

Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri.