MEHNATI ELGA MANZUR BOʻLAYOTGAN AYOL

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xotin-qizlarning farzand tarbiyasida, turli sohalarda, mahallalar tinch-osoyishtaligini saqlashda, o‘zaro mehr-oqibat, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlari e’tiroflarga loyiqdir. Xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy ko‘mak berish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizning  taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Uning  ijrosi tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, 2020 yildan boshlab, “Ayollar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, daftarga ro‘yxatga olingan ayollar bilan alohida ish olib borilib, ularga manzilli ko‘mak berilayotganligi ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi  bo‘lgan xotin-qizlar turmushini yaxshilashga xizmat qilayotir.

Matluba To‘liyeva Beruniy nomli mahallaga, katta xonadonga kelib bo‘lib tushdi. Turmush o‘rtog‘i mavsumiy ishlarda ishlab, ro‘zg‘or yukini bir o‘zi tortib yurgan edi. Oilada ikki farzand dunyoga kelgach, tashvishlari ham ko‘paydi. Shu bois, Matluba ham ishlab, daromad topishga, turmush o‘rtog‘iga ko‘makdosh bo‘lishga intildi. 1-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan Matluba bu borada mahalla xotin-qizlar faoli  Mahfuza Ibrohimovaga maslahatga keldi. Mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari kengashib, Matlubaning kasb-kori borligi, chevarligini inobatga olib, uning imtiyozli kredit olishiga va o‘z-o‘zini band qilib, tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘mak berishdi.

Matluba To‘liyeva davlatning yordamiga ko‘z tikib o‘tirishni o‘ziga ep  ko‘rmay, jon-jahdi bilan ishga kirishdi. Hademay, uning o‘zgacha ixlos, mahorat bilan tikkan kiyimlari ko‘pchilikning e’tiborini torta boshladi, mijozlari ko‘paydi.

Odatda biz bozor rastalaridagi tayyor kiyimlarni ko‘rganimizda, yo chevar qo‘lidan tayyor bo‘lgan buyurtmamizni olayotganimizda uning shu holga  kelishi uchun qancha mehnat, vaqt va sabr-toqat sarflanganini o‘ylab ham ko‘rmaymiz, tikuvchilikni shunchaki oddiygina kasb deb o‘ylaymiz. Biroq chevarning ishini bir zum kuzatib tursangiz, bu kasbning igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli ekanligini anglaysiz.

Ha, kasbning yaxshi-yomoni bo‘lmaganidek, osoni ham yo‘q. Ammo tikuvchining kasbiga ixlosi uning tikkan har bir chokida aks etib turadi. Mehnati mahsuli – tikkan kiyimlari mijozlariga manzur bo‘lganida ko‘ngli tog‘day yuksaladi.

Matluba To‘liyeva ishini qunt bilan bajaradi, buyurtmachining tana tuzilishiga mos fason tanlab, bor mahoratini buyurtmani xushbichim, chiroyli qilib bajarishga sarflaydi, soatlab tikuv mashinasiga egilib o‘tirib tayyorlagan kiyimi odamlarga manzur bo‘layotganidan quvonadi. U doimiy daromadga ega bo‘lib, mehnatlari samarasidan “Ayollar daftari”dan chiqarildi.

Mohir tikuvchi, sabr-bardoshli, ko‘nglida ulkan-ulkan orzular bilan hormay-tolmay mehnat qilib, el olqishini olayotgan Matluba To‘liyevaning ishlariga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Oygul RAJABOVA.