16 ming 545 gektar maydon, shundan 3 ming 798 gektari oʻrmon: Qipchoq davlat oʻrmon xoʻjaligida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Туман янгиликлари

O‘rmon – tabiatning bebaho ne’mati. Hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash va ularni ko‘paytirishda, iqlim o‘zgarishlarni mo‘tadillashtirishda, tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, cho‘l hududlarida qumlarning ko‘chishini to‘xtatish, tuproqning meliorativ holatini yaxshilash kabilarda ihota o‘rmonlari katta ahamiyatga ega. Ushbu yashil boyliklarni asrash, yurtimizdagi ekologik vaziyatni yaxshilash va uning salbiy oqibatlarining oldini olishda esa o‘rmon xo‘jaliklari muhim o‘rin tutadi.

Amudaryo tumanidagi Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi ham hududdagi tabiiy muhitni mo‘tadillashtirib turuvchi, yog‘och, dorivor va boshqa turdagi o‘simliklar, ularning urug‘larini, turli manzarali daraxtlar ko‘chatlarini yetishtirib beruvchi manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 16 ming 545 gektardan iborat. Shundan 3 ming 798 gektari o‘rmon bilan qoplangan maydonlar, 855 gektari tutashmagan o‘rmonzorlar, 11,4 gektari o‘rmon ko‘chatxonalari hisoblanadi. Taqir yerlar ham mavjud bo‘lib, ular 6,87 gektarni, haydaladigan yerlar 24,5 gektar, yaylovlar 2 ming 690 gektarni tashkil qiladi. Hududdagi suvli yerlar 2,4 gektar, qumliklar 1 ming 895 gektar, boshqa yerlar esa 6 ming 748 gektarga yaqin.

O‘rmon xo‘jaligida 57 nafar xodim ishlaydi. Ularning 13 nafari oliy, 24 nafari o‘rta maxsus, 23 nafari o‘rta ma’lumotli.

Xo‘jalikda joriy yilda madaniy o‘rmonzor barpo qilish, tumandagi korxona-tashkilotlarni ko‘chatlar bilan ta’minlash va ko‘chatxona tashkil etish uchun urug‘ tayyorlash yillik rejasi 4000 kg. qilib belgilangan bo‘lsa, hozirgi kungacha 16 ming 250 kg. urug‘lar tayyorlandi. Shundan 15 ming 730 kg. qismi saksovul urug‘lari bo‘lib, ular terilganidan so‘ng, Orol dengizining qurigan tubi va tumanimizning o‘rmon barpo etiladigan qumli hududlariga sepiladi. Undan tashqari, qayrag‘och, tut, yasen, klyon, sharq tuyasi, shaftoli, o‘rik urug‘lari ham yetishtirildi va niholxonalarga ekildi. Urug‘dan madaniy o‘rmon barpo qilish yillik rejasi 246,9 gektar qilib belgilangan bo‘lsa, hozirgi kungacha 245 gektardagi qumli hududlarga saksovul urug‘lari sepildi, 1,75 gektar yerga yasen, klyon, katalpa va oqterak ko‘chatlari o‘tqazildi.

Xo‘jalikning 11,35 gektar maydonida ko‘chatxona tashkil qilingan. U yerda urug‘ va nihollar ekilgan bo‘lib, hozirda 901 ming dona nihol va ko‘chatlar jumladan, sharq tuyasi, yasen, ok terak, tut, klyon, katalpa, qayrag‘och, summax, yapon saforasi, gledichiya va boshqa turdagi nihol, ko‘chatlar mavjud. Kuz oylarida “Yashil makon” davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi korxona, tashkilot va maktab, bog‘chalarga homiylik asosida 64 ming 110 dona har xil manzarali daraxtlar ko‘chat va qalamchalari yetkazib berildi.

Joriy yilda xo‘jalikning Toshyop, Zarbdor, Mang‘it va Namuna massivlarida yangidan 19 gektar maydonda tut ko‘chatlari ekildi. Ushbu ekilgan ixotazorlar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, garmseldan himoya qilish va hosildorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Bundan tashqari ichki turizmni rivojlantirish maqsadida o‘rmon fondi hududida “Sohil bo‘yi” dam olish maskani tashkil etildi. Bu maskanda aholining oilaviy dam olishlari uchun qora uy, cho‘milish havzasi, qayiq va boshqa cho‘milish anjomlari, qumli maydon tashkil etilgan. Shu yerning o‘zida ovqatlanish uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan.

O‘rmon muhofazasi bo‘yicha “Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli o‘rmonzorlarda yong‘inning oldini olish va qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida” Amudaryo tumani hokimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi hamda Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligining qo‘shma buyrug‘iga ko‘ra qator ishlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra aholi o‘rtasida o‘rmon yong‘inining oldini olish, ruxsatsiz o‘rmonzorlarga kirish, o‘zboshimchalik bilan daraxt kesish, ov qilish, chorva mollarini boqish holatlarining oldini olish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, o‘rmon fondi bilan chegaradosh hududlardagi fermer xo‘jaliklariga ogohlantirish xatlari tarqatilib, aholi yashash punktlari, ovullarda yig‘ilishlar o‘tkazilib qonunbuzarliklarning oldi olinmoqda.

O‘rmonlar – yurtimizdagi tabiiy boyligimizdir. Tabiatning bu in’omini asrab-avaylash, shu qatorda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish farovonlik oshishiga, yangi ish o‘rinlari ko‘payishiga keng yo‘l ochadi. Shunday ekan har birimiz bebaho boyligimiz bo‘lgan o‘rmonlarni asrashimiz, ularni ko‘paytirishga hissa qo‘shishimiz kerak.

O.Xudoyberganova.