OʻZBEK TILI BAYRAMI KENG NISHONLANDI

Туман янгиликлари

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida faol qo‘llanilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har yili 21 oktyabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun keng nishonlanadi.

Barcha mehnat jamoalarida, ta’lim muassasalarida sana munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilib, o‘zbek tilining bor latofati, jozibasi, cheksiz imkoniyatlari tilga olinadi. Butun mamlakatimizda bo‘lgan kabi Amudaryo tumanida ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosib nishonlanmoqda.

19 oktyabr kuni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabida ham “Ona tilim – jon-u dilim” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tadbirni muassasa direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Muyassar Rahmatullayeva ochdi va barchani ushbu qutlug‘ bayram bilan qizg‘in qutladi.

Muassasa ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari hamkorligida tayyorlangan tadbirda Mohira Sobirova ona tilimizning bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, har bir inson hayotida ona tilining tutgan o‘rni haqida ma’ruza qildi.

Tadbirda quyi sinflar o‘quvchilari orasida ona tilidan diktantlar tanlovi o‘tkazildi. Ushbu tanlovda Tillaxon Zarifboyeva birinchi, Sevinch Kenjaboyeva ikkinchi, Saidbek Madatov uchinchi o‘rinlarni egalladilar. Bayramona bezatilgan muassasa faollar zalida o‘quvchilar ijrosida o‘zbek tilini ulug‘lovchi she’rlar yangradi, qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi.

Ayniqsa, o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri G‘ofur G‘ulomning “Shum bola” asari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinish o‘quvchi-yoshlarga o‘zbek tilining naqadar boy va jozibali ekanligini chuqur singdirdi.

Aytish joizki, mustabid tuzum davrida o‘zbek tilini yo‘qotishga urinishlar ko‘p bo‘ldi, ona tilimiz yillar davomida kamsitib kelindi. Lekin xalqimiz o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Millatparvar ziyolilar, xalqimizning ona tilimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli 1989 yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan qonunga asosan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 21 oktyabr kuni qabul qilgan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan 21 oktyabr sanasi mamlakatimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Sana munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlar ko‘nglida ona tilimizga bo‘lgan hurmat-ehtiromni yanada mustahkamlayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Oygul RAJABOVA