“YIL AYOLI” MILLIY TANLOVINING TUMAN BOSQICHI GʻOLIBLARI ANIQLANDI

Туман янгиликлари

2022 yil 27 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan edi. Qarorga muvofiq jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazish maqsadida “Yil ayoli” milliy tanlovi respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilib kelinmoqda.

23 oktyabr kuni Amudaryo tumanidagi 82-sonli umumta’lim maktabining majlislar zalida “Yil ayoli” milliy tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissasini ko‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘lish bilan birga o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan ayollar qatnashdi.

Prezidentimiz “Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi!” g‘oyasini ilgari surar ekan, ayollarning nainki oila va jamiyatdagi, balki Vatan va millat taqdiridagi o‘rni beqiyos ekanini ham alohida ta’kidlaydi. Turli jabhalarda faollik ko‘rsatayotgan fidoyi xotin-qizlarni aniqlashda esa ko‘rik-tanlovlarning ahamiyati katta.

Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir ochilishida so‘z olgan tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini, qator loyiha va tanlovlar o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.

Mazkur tanlovdan ko‘zlangan maqsad ham jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va ishda barchaga o‘rnak bo‘layotgan, davlat va jamoat ishlarida faol xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishdan iborat ekani qayd qilindi.

Nizomga ko‘ra, tanlovda 35 yoshdan yuqori hamda o‘z faoliyati bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan ayollar ishtirok eta oladi. Tanlovning tuman bosqichida 5 nafar ishtirokchilar uchta shart bo‘yicha bellashdilar hamda ularning bilim va mahoratlari 5 balli tizim asosida baholandi. Yakunda umumiy natijalar bo‘yicha Nazarxon ovulidagi 3-sonli umumta’lim maktabining kutubxonachisi Tazaxon Qidirniyazova birinchi o‘rinni egallab, tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, Mohira Sobirova, Anbarjon Salayevalar “Yilning eng jonkuyar ustozi”, Nodira Tajimuratova “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”, Qanigul Aytboyeva esa “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldilar.

Tanlov g‘oliblariga va ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati