“VATAN TAYANCHI” OTRYADI AʼZOLARIGA KOʻKRAK NISHONI TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolarining tantanali ravishda va’da berish va ularga ko‘krak nishoni topshirishga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.

20 oktyabr kuni tuman Madaniyat bo‘limi konsertlar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug mas’ullari, tuman Mudofaa bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Murodov, bo‘lim boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zokir Sa’dullayev, tuman Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i Islom Matkarimov, Davlat xavfsizlik xizmatiga qarashli harbiy qism xizmatchisi Sherzod Atayev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashishdi. Shuningdek, marosimda umumta’lim maktablarining Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha rahbarlari hamda 200 nafarga yaqin 10-11-sinf o‘quvchilari – “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu sharafli nishonga sazovor bo‘lgan yoshlarni qutlab, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, “Vatan tayanchi” harakatining asosiy vazifasi hamda maqsadi tushuntirilib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash kerakligi ta’kidlandi.

Ma’lumki, 2022 yil 2 martda Prezidentimizning «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu Qarori asosida bugungi kunda tumandagi barcha umumta’lim maktablarida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘z navbatida, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha yo‘nalishi bo‘lib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning o‘ziga xos shakli hisoblanadi.

Qarorda davlat umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 10-11-sinf o‘quvchilari orasidan vatanparvar, eng intizomli va bilimli, tashabbuskor bo‘lgan 20 nafar yoshni saralab olish orqali «Vatan tayanchi» otryadlarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, Qarorda harakat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga vazifalar, otryad a’zolarining oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Harakat a’zoligiga qabul qilingan faol o‘quvchilar oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma hamda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ballni qo‘lga kiritadi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, mustaqil qaror qabul qila oladigan, mamlakat va o‘z oilasi faravonligini yanada rivojlantirish orzusida bo‘lgan yoshlarni voyaga yetkazish “Vatan tayanchi” – bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining asosiy vazifalaridan sanaladi. Shuningdek, o‘quvchi yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik ruhini uyg‘otish, o‘quvchilarni odob-axloq, vatanga sadoqat, o‘ziga ishonch ruhida tarbiyalash, umumta’lim maktab o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratish, o‘quvchilarni turli xavfli g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish ham asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Tadbirda tuman Madaniyat bo‘limining havaskorlari tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur namoyish qilinib, tomoshabinlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat baxsh etildi.

Z.Sa’dullayev, tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.