21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni

Туман янгиликлари

Til – millatning ma’naviy boyligi, mamlakat timsoli va qimmatbaho mulkidir. Davlat tilimizga bo‘lgan e’tibor bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o‘rinda Behbudiy bobomiz aytgan shu so‘zlarni eslatib o‘taman: "Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdir".

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlardagi kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi asosiy va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, bizning tumanimizda va 79-sonli maktabda bu borada bir qancha ishlar olib borilmoqda. Maktabimizda har yili 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan katta tadbir o‘tkaziladi.

Undan tashqari, maktabda o‘quvchilarning savodxonligini, fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida har haftalikda "So‘z o‘yini", "Eng chiroyli husnixat egasi", "Men o‘zbek tilida qancha so‘z bilaman" kabi tanlovlar o‘tkazib boriladi. Eng faol qatnashgan o‘quvchilar esa rag‘batlantiriladi. Ushbu tanlovlar o‘quvchilarni tilimizni qadrlashga o‘rgatib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilgi o‘quv yili boshlanganidan shu paytga qadar "Qadring baland bo‘lsin ona tilim!" shiori ostida "So‘z o‘yini", "Harflar raqsga tushganda", "Diktantlar tanlovi" musobaqalari o‘tkazildi. Bular orqali o‘quvchilar o‘zbek tilining qanchalar boy va sof til ekanligini anglab olishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limining o‘zbek tili metodisti O‘tkir Matmurodov ham biz fan o‘qituvchilariga yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda dars o‘tishni, turli metodlar, ish tajribalarini o‘rgatib, mahoratimizni oshirishga ko‘maklashib kelmoqda. O‘z ustimizda ishlab, dars  mashg‘ulotlarini yangicha uslublarni qo‘llagan holda o‘tish bo‘yicha zarur tavsiyalar, maslahatlar berib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatmoqda.

Ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli. Shu sababli har bir darsimizda o‘quvchi-yoshlarning milliy tilimizga bo‘lgan e’tiborini oshirish bilan birga tilimizni qadrlashga o‘rgatib borish bizning eng asosiy vazifamizdir. Xulosa o‘rnida shu fikrlarimni keltirib o‘tmoqchiman: Tilimiz boy, tilimiz sof, go‘zaldir! Har bir so‘zi, gapi maqol, jumlasi masal va mataldir!

Laylo Rajabboyeva, 79-sonli maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi.