“Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida Amudaryo tumaninnig tuproq-iqlim sharoitida qanday turdagi daraxtlarni ekish kerak?

Туман янгиликлари

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT TD  va GEJning “Ko‘llar, botqoq yerlar va qirg‘oq bo‘yi tukaylarini  saqlash va barqaror boshqarish, yerning degradatsiyasiga qarshi kurashish va neytral holatga keltirish orqali Orol dengizi havzasi landshaftida barqaror hayotni qo‘llab-quvvatlashga erishish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumani tuproq-iqlim sharoitida qanday turdagi daraxt va butalar ekish kerakligi o‘rganib chiqildi.

2023 yil kuzida va 2024 yil  “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekistonda 200 million tup, shu jumladan Amudaryo tumanida joriy yilning kuz oylarida 488 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Issiq va qurg‘oqchil iqlimga ega bo‘lgan Amudaryo tumani aholisi uchun  daraxtlar va yashil maydonlar nihoyatda muhim. Ular nafaqat salqinlik va kislorod bilan ta’minlaydi, yerning sho‘rlanish darajasini kamaytiradi, balki changni va ular bilan birga korxonalar va transport vositalaridan ajraladigan toksinlarni ham ushlab turadi. Masalan, 1 gektar yashil daraxtzorlar har yili havoni 60- 70 tonna  changdan tozalab, uning konsentratsiyasini 25 -45 foizgacha pasaytiradi. Yaproqli daraxtlarning shox-shabbalari shovqin energiyasini 70 foizgacha yutadi. Fanning isbotlashicha, daraxtli joylarda daraxtsiz joyga nisbatan bakteriyalar 300 marta kam bo‘ladi. 1 gektar archazor 1 sutkada 30 kg fitonsid moddasi ajratib chiqaradi va kasallik tarqatuvchi bakteriyalarga qiron keltiradi.

Amudaryo tumani daraxtlar o‘sish sharoitlarining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ekish uchun turlarning to‘g‘ri barqaror assortimentini tanlash oson ish emas. Shuning uchun quyida tuman markaziy ko‘chalari va qishloqlarini obodonlashtirish uchun tavsiya etilgan ayrim daraxt turlarining biologik va ekologik hususiyatlarining qisqacha tavsifi keltiramiz.

Shumtol – O‘zbekistonda shumtolning 10 ga yaqin turi uchraydi.  Qoraqalpog‘istonda eng keng tarqalgan va qimmatli turlariga pensilvaniya va yashil  shumtol turlari kiradi. Ular noqulay sharoitlarga, jumladan, sho‘rlanishga, qurg‘oqchilikka va sovuqqa eng chidamliligi bilan ajralib turadi, tuproq tanlamaydi.

Oddiy qayrag‘och -  balandligi 25-30 metr, tanasi diametri-50-60 sm.gacha  yetadigan daraxt. Sovuqqa va qurg‘oqchilikka juda chidamli. Tuproqqa kam talabchan.  Cho‘l hududlarida yaxshi va tez o‘sadi. Qayrag‘ochning noqulay ekologik sharoitlarga juda yuqori chidamliligi, uni O‘zbekistonda yetishtirish uchun ajralmas turga aylantirdi, ayniqsa sho‘rlanishga chidamlidir. U toshli tuproqlarda ham yaxshi o‘sadi. Turli tuproq sharoitlarida 1-2 yoshli nihollaridan ekib ko‘paytiriladi. Sho‘rlangan yerlarda 18 yoshli daraxtlarining balandligi  8-10 metrga yetadi. Uning eng chiroyli sharsimon shakli “Sada qayrag‘och”, “Gujum” cho‘l hududlaridan tortib tog‘lik xududlargacha joylashgan shahar va qishloqlarni obodonlashtirishda qadim-qadim zamonlardan beri keng qo‘llanilib kelinadi.

Go‘zal katalpa. – vatani Shimoliy Amerika. O‘zbekistonda -27 darajagacha sovuqqa chidaydi. Qishki haroratning pasayishiga qarshiligi, uning bu davrda chuqur uyqudaligiga bog‘liq. Yorug‘sevar. Tuproq sho‘rlanishiga chidamli. Katalpa beor daraxt ko‘chatlari ekilganda yaxshi tutadi va osongina ildiz otib, tez o‘sadi.

Oq akatsiya – vatani Shimoliy Amerika. O‘rta Osiyoga 1880 yilda kirib kelgan va tez tarqala boshlagan. Bu daraxt turi tuproqqa, qurg‘oqchilikka va yuqori haroratga chidamli.

Dala zarangi -   ko‘kalamzorlashtirishda keng qo‘llaniladi. Bo‘yi 15-20 metrga yetadi. Yog‘ochi kurilishda, mebelsozlikda, kadimda ota-bobolarimiz yogoch koshik, yogoch tovok, cho‘mich va kuvilarni aynan shu daraxt yogochidan ishlaganlar shu bois zarang koshik deb atalgan. Shahar muhitida juda barqaror. Sovuqqa chidamli, yaxshi o‘sadi.

Gledichiya (Tikan daraxti)- Vatani Shimoliy Amerika.   O‘zbekistonda sug‘oriladigan va lalmi yerlarda ihota daraxtzorlari barpo etishda keng qo‘llaniladi. Shamolga chidamli. 5 yoshdan 15 yoshgacha tez o‘sadi. Juda yorug‘sevar. Qurg‘oqchilikka, kasallikka va zararkunandalarga chidamli.

Yapon saforasi – ko‘kalamzorlashtirishda keng qo‘llaniladi. Tuproqqa kam talabchan,  sho‘rlanishga va qurg‘oqchilikka chidamli va shu bilan birga tez o‘sishi bilan diqqatga sazovor.  Amudaryo tumani sharoitida yoz davomida suv yetishmovchiligi bo‘lsa 2-3 marta sug‘orish yetarli hisoblanadi.

Bulardan tashqari oq, ko‘k terak, jiyda, kora, ok tol, kanada arg‘uvoni, oq, qora tut, butalardan yapon behisi, amorfa, biryuchina, suriya atirguli, malva, summax, igna bargli daraxtlardan sharq biotasi, virgin archalarini ekish, sho‘rlanish kam bo‘lgan yerlarda qrim qarag‘ayi va chinorlarni ekish tavsiya etiladi.

Yuqoridagi ko‘chatlarni ekishdan oldin hudud turli chiqindi, toshlar, ildizlar, o‘simliklar qoldig‘i va to‘nkalardan tozalanib, yer tekislanadi.

Ko‘chatlarni ekishdan oldin  ildizlar uchi kesib yangilanishi va  ekish paytida oldindan chirigan go‘ng, tuproq va suv aralashmasidan tayyorlangan “Sharbatga” botirilib keyin ekilishi maqsadga muvofiq.

Ko‘chatlarni ekish paytida sug‘orish va ildiz ustiga tuproq tortib bo‘lingandan so‘ng oyoq bilan bosib zichlashtirish zarur. Ko‘chat ekishda ildiz bo‘g‘zi ko‘milib ketmasligi kerak hamda yer betidan yuqoriga ham chiqib ketishi kerak emas. Ko‘chatlar ekib bo‘lingandan keyin daraxt atrofiga aylanasi 1 metr masofada ariq olinadi va ko‘chat ekilgandan so‘ng sug‘oriladi. Birinchi sug‘orilganda tuproq cho‘kadi, ildizi ochilib qolish mumkin, qo‘shimcha tuproq solinib,  yorilgan joylari kayta ko‘miladi.

O‘g‘itlar bahorda ildizlarning intensiv o‘sishidan oldin yoki kuzda yer muzlamaydigan qatlamiga beriladi. Azotli o‘g‘itlarning berilishi daraxtlarning iyun-iyul oylarida ham o‘sishini ta’minlaydi. Shu davrda o‘simliklarning jadal o‘sishi paytida  fosforli va kaliyli o‘g‘itlarni berilishi daraxtlarning sovuqqa chidamliligini oshiradi.

Organik o‘g‘itlarni kuzda solish maqsadga muvofiq. Daraxtlar tagi yumshatilib o‘tlardan tozalanib o‘g‘it beriladi va keyin sug‘oriladi.

Bahorda azotli o‘g‘itlar, yozda esa fosforli-kaliyli o‘g‘itlar beriladi.

Shuni unutmaslik kerakki, sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan yerlarga ekilgan ko‘chatlarga kaliy-xlorid ishlatilmaydi.

Qadrli yurtdoshlar, “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida har bir fuqaro faol qatnashib, tumanimiz yashilligini oshirishga, ekologiyamizning yaxshilanishiga va kelajak avlodga sog‘lom bo‘lishlari uchun kislorodga boy bog‘-rog‘lar, go‘zal tabiat qoldirishga o‘z hissamizni qo‘shaylik!

X.TALIPOV, Ekologiya vazirligi, BMT TD  va GEJning “Ko‘llar, botqoq yerlar va qirg‘oq bo‘ylarini saqlash va barqaror boshqarish,

yerning degradatsiyasiga qarshi kurashish va neytral xolatga keltirish orqali Orol dengizi havzasi landshaftida

barqaror hayotni qo‘llab quvvatlashga erishish” loyiha maslahatchisi, biologiya fanlari nomzodi.
R. DOSMANOV, Loyixaning Amudaryo tumani bo‘yicha koordinatori