TOʻLQIN OVULIDA TOʻQSONBOSTI EKINLARI VA KOʻCHAT EKISH ISHLARI UYUSHQOQLIK BILAN AMALGA OSHIRILMOQDA

Туман янгиликлари

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Amudaryo tumanida ham loyiha doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

23 oktyabr kuni To‘lqin ovulida ham loyiha doirasidagi turli manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlarini ekish ishlari boshlab yuborildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, To‘lqin ovul fuqarolar yig‘ini raisi Rashid Abdug‘aliyev hamda boshqa mas’ullar, “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi Bekman Allaberganov, ovul nuroniylari, ko‘chaboshchilari, faollari ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab fuqarolar yig‘ini binosi oldidan ajratilgan 5 sotixga yaqin yer maydoniga piyoz urug‘lari to‘qsonbosti usulida ekildi. Shundan so‘ng, 200 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazildi.

Tadbir davomida 2023 yil kuzida va 2024 yil “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekistonda 200 million tup, tumanimizda esa kuz mavsumi davomida 488 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgani ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, hudud iqlimi nihoyatda issiq va qurg‘oq bo‘lgani sababli daraxtlar va yashil maydonlar barpo etilishi kerakligi, daraxtzorlar ko‘paytirilishi natijasida atrof salqinlik va kislorod bilan ta’minlanishi va ekologiyani yaxshilashi xususida fikr yuritildi.

Ta’kidlanganidek, tumanimiz iqlim sharoitida shumtol, oddiy qayrag‘och, katalpa, oq akatsiya, dala zarangi, gledichiya, yapon saforasi kabi manzarali daraxtlar, behi, o‘rik, olma, nok, uzum, olcha, gilos kabi mevali daraxtlar yaxshi rivojlanadi. Shuningdek, oq va ko‘k terak, jiyda, tol, tut daraxtlari, amorfa, biryuchina, suriya atirguli kabi butasimonlar, sharq biotasi, virgin archalari, qrim qarag‘ayi va chinorlar ham hudud iqlimiga tezda moslashadi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari shu kabi ma’lumotlar bilan birga ko‘chatlarni parvarishlash bo‘yicha ham tavsiyalar berib o‘tdilar. Tajribali bog‘bonlar ko‘chatlarni oziqlantirib turish muhim ahamiyatga egaligini, o‘g‘itlar bahorda ildizlarning intensiv o‘sishidan oldin yoki kuzda yerning muzlamaydigan qatlamiga berilishi kerakligini, azotli o‘g‘itlarning o‘z vaqtida berilishi daraxtlarning iyun-iyul oylarida ham o‘sishini ta’minlashini, o‘simliklarning jadal o‘sishi paytida fosforli va kaliyli o‘g‘itlar to‘yintirilishi kerakligi, bu daraxtlarning sovuqqa chidamliligini oshirishini tushuntirib, kerakli maslahatlarni berdilar.

Tadbir hududdagi 31-sonli Maktabgacha ta’lim tashkilotida davom ettirildi va maxsus ajratilgan hududga 100 tupga yaqin ko‘chat ekildi. Tashrif buyurgan mas’ullar tashkilot binosida kichkintoylar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishib chiqdi.

Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari ovuldagi O‘rozimbat Kamolov, Gulmirza Rajabov, Ozod Bovubekovlar xonadonlariga tashrif buyurishdi. Ushbu xonadonlarning tomorqa yerlaridan ajratilgan 2-3 sotix yerda tadbir ishtirokchilari bilan birgalikda to‘qsonbosti ekinlaridan piyoz ekildi, yozgi ekinlardan bo‘shagan yerlarga ekilgan sarimsoqpiyozning parvarishi bilan qiziqishdi. Bu bo‘yicha ham tajriba almashilib, fikr-mulohazalar bildirildi, kerakli tavsiyalar berildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlari 33-sonli maktabda davom ettirilib, mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari ekildi. Tadbir ishtirokchilari ta’lim maskanidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tarqatilayotgan bepul nonushtalarni berish tartibi va sinflardagi davomat bilan ham tanishdilar.

 Shu kuni ovuldagi “Jumabekov Jo‘llibay” fermer xo‘jaligida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini amalga oshirishga doir seminar o‘tkazildi. Ushbu seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov hamda sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, mutasaddi idora-tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar yig‘ini mas’ullari qatnashishdi. Tadbirda fermer xo‘jalik hududidagi dalalar chetlariga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini ekish bilan birga qishloq xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan ularni parvarishlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng, fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida umumiy hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda 1-sektor hududidagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari qatnashishdi. Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov olib borgan ushbu yig‘ilishda fuqarolar yig‘inlari mas’ullarining o‘tgan davr mobaynidagi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi. Shuningdek, mahalla yettiligi tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, belgilangan vazifalar xususida so‘z yuritilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

To‘lqin ovulida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirlarda tumanning barcha hududlarida to‘qsonbosti ekinlarini yetishtirish ko‘lamini kengaytirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini jadallik bilan amalga oshirish kabilarga chora-tadbirlar belgilash yuzasidan tegishli topshiriq va vazifalar berildi.

O.Xudoyberganova.