Toʻqsonbosti ekinlari – moʻmay daromad manbai

Туман янгиликлари

Dehqonchilikning to‘qsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkonini beradi. Amudaryo tumanida aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli piyoz va sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

1 noyabr kuni tumanning Amir Temur nomli ovuli hududida faoliyat yurituvchi “Jur’atbek-Sultonbek” fermer xo‘jaligida piyoz, sarimsoqpiyoz ekinlarini bog‘ ichiga – mevali daraxtlar qator oralariga to‘qsonbosti usulida ekish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Yuldashev, fermer xo‘jaliklari raislari, tomorqachilar va ovul hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mas’ullar ishtirok etishdi.

To‘qsonbosti deganda qishning to‘qson kuni nazarda tutilgan bo‘lib, bu usulda kuzda ham yerga ekin ekilib, erta bahorda hosil olish imkoni paydo bo‘ladi. Natijada qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz to‘kin-sochin, narx-navo barqaror bo‘lishiga zamin yaratiladi. Xalqimizda “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan naql bejizga aytilmagan. Kuzda ekilib, qor ostida qoldirilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Erta bahorda esa mahsulotning bozori chaqqon bo‘lishi sir emas.

Ushbu masalaga hukumatimiz tomonidan ham alohida e’tibor qaratilib, aholining sog‘lom ovqatlanishi, xalqimiz dasturxoniga yil davomida har xil sabzavot mahsulotlarining yetishtirilishi uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Amudaryo tumanida ham ishlar uyushqoqlik bilan, qizg‘in olib borilmoqda.

Seminarda 2024 yil hosili uchun fermer va dehqon xo‘jaliklari dalalariga piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini bog‘ qator orasiga to‘qsonbosti usulida ekishning ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Keyingi yillarda respublikada tumanlarning ixtisoslashuvi, mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlari va suv bilan ta’minlanishi hamda boshqa omillarni e’tiborga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Shundan kelib chiqqan holda bu yil tuman bo‘yicha jami 1777 gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish rejalashtirilgan.

Qayd etish kerakki, to‘qsonbosti ekinlari fermer va dehqonga daromad keltirishi bilan birga, bozorlarimizda narx-navo barqarorligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tuman hokimligi Axborot xizmati