KOʻNGILLAR KOʻNGILLARDAN SUV ICHGAN UCHRASHUV

Туман янгиликлари

Barcha davrlarda ham yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishi, jamiyatning faol a’zosiga aylanishi uchun kurash eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Bu borada aynan yoshlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilot – sobiq ittifoq davrida “Komsomol” qo‘mitasi, 1991-1996 yillarda mazkur tashkilot o‘rnida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyat yuritgan edi.

1996 yilning aprel oyida esa mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov Farmoni bilan “Kamolot” jamg‘armasi tuzildi, ushbu jamg‘arma 2001 yilda Yoshlar ijtimoiy harakatiga aylantirildi.

2017 yilda “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakatiga nisbatan yoshlarning ishonchi so‘nib borayotgani ta’kidlanib, tashkilot nomini va faoliyatini tubdan o‘zgartirish vaqti kelgani, shu munosabat bilan “Kamolot” YOIH tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuzilgani ma’lum qilindi.

Keyinchalik ushbu tashkilot Yoshlar ishlari agentligiga aylantirildi va uning zimmasiga yurtimiz yoshlarini bilimli, xalqaro maydonda raqobatbardosh, mehnatkash va vijdonli qilib tarbiyalash, kattalarga hurmat, zaiflarga g‘amxo‘r, yangicha qarashlarning mag‘zini anglab, unga nisbatan o‘z pozitsiyasini to‘g‘ri belgilay oladigan, o‘zbek madaniyatining eng yaxshi an’analarini hurmat qiladigan, e’zozlaydigan yoshlar safini jipslashtirish, kengaytirish yuklandi.

Shuningdek, barkamol avlodni tarbiyalash butun davlatning, jamiyatning ishi, yoshlar tarbiyasi oiladan boshlab, fuqarolik jamiyatining barcha tashkilotlariga ustuvor vazifa qilib belgilandi.

Amudaryo tumanida qator yillar ushbu tashkilotlarda faoliyat yuritib, yoshlar hayotining nurli va mazmunli bo‘lishiga, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga hissa qo‘shgan bir guruh faxriy insonlar istiqomat qilishadi.

Yaqinda ular Mang‘it shahridagi “Istiqlol” to‘yxonasida to‘planishib, dildan suhbat qurdilar. Ularning orasida tumanimizdagina emas respublikamizda, Xorazm vohasida ham taniqli so‘z ustasi, suxandon, mumtoz adabiyotimizning bilimdoni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Tursunboy Abdullayev, turli rahbarlik lavozimlarida ishlab, nafaqaga chiqqan Yangiboy Rajabov, Ozod Tojimurodov, Gulasal O‘rozimbetova, Gulchehra Otaboyeva, Sayyora Matkarimova, Farhod Matkarimov va boshqalar bor.

Do‘stlar davrasini Yangiboy Rajabov ochdi va barchani diydorlashuv onlari bilan qizg‘in qutladi, uzoq umr, baxt-saodat, oilaviy xotirjamlik tiladi. Shundan so‘ng bir safda ishlab, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan ustozlar, do‘stlar xotirasiga Baxtiyor Jumabekov Qur’on tilovat qildi.

Do‘stlar diydori... Uni alloma dunyoning barcha shodliklaridan ustun qo‘ygani bejiz emas. Mazkur davrada ham nigohlar sog‘inchdan so‘yladi. Eng ezgu tilaklar izhor etilib, ko‘ngillar ko‘ngillardan suv ichdi, xotiralar tillarga ko‘chib, hayotlarining eng qaynoq damlari – mehnat jarayonlari ko‘z oldlarida qayta jonlandi.

Umr o‘tkinchi. Otilgan o‘k kabi o‘tgan umrni ham orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Biroq shu o‘tgan davrlarda el-yurt manfaati uchun xizmat qilsang, bosgan izlaringdan yorug‘ xotiralar qolsa, bu – baxt, albatta.

Mazkur diydorlashuv tadbiri ishtirokchilari – mehnat faxriylarining barchasi ana shunday baxtga musharraf bo‘lgan insonlardir. Shu boisdan ham ular doimo bir-birini yo‘qlab turadilar, sog‘inadilar, bamaslahat bir davraga to‘planib turadilar.

Diydorlashuvdan esa unutilmas taassurotlar oladilar.

Oygul RAJABOVA.