ILMIY-AMALIY OʻQUV SEMINARIDA QORAQALPOQ TILI VA ADABIYOTI HAMDA GEOGRAFIYA FANLARI OʻQITUVCHILARI MAHORATIGA BAHO BERILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda umumta’lim fanlarini o‘qitishni zamon talablari darajasida rivojlantirish, fan o‘qituvchilarining ta’lim-tarbiya sohasida erishayotgan yutuqlarini rag‘batlantirish maqsadida soha vazirligi tomonidan tashkillashtirilayotgan ilmiy-amaliy va o‘quv seminarlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar orqali umumta’lim fanlari o‘qituvchilarining bilim va malakalari oshishiga ijobiy ta’sir o‘tkazib, iqtidorli o‘qituvchilar tomonidan taklif etilayotgan dars ishlanmalari, uslubiy qo‘llanmalar sohaga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda.

Joriy yilning 31 oktyabr sanasida Amudaryo tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Og‘zaki nutq ko‘nikmalarini muvofiqlashtirish usullari: bilish, qo‘llanish, fikrlash” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy o‘quv seminarida ham ishtirokchilar qoraqalpoq tilida dars o‘tish, o‘quvchilarda ushbu fanga nisbatan bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali ularning qoraqalpoq tili boyligini yuksaltirish borasidagi ilg‘or metodik tajribalar bilan yaqindan tanishdilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirligi hamda vazirlikning Amudaryo tuman bo‘limi hamkorligida tashkillashtirilgan mazkur ilmiy-amaliy o‘quv seminaridagi asosiy mavzu – “Og‘zaki nutq ko‘nikmalarini muvofiqlashtirish usullari: bilish ko‘llanish va fikrlash” mavzusida Respublika ta’lim Markazi uslubchisi Zulfiya Ismoilova ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida o‘quvchining og‘zaki nutqini zamonaviy innovatsion pedtexnologiyalarni qo‘llash, xususan qoraqalpoq tilida suhbatlashish, qiziqarli dialoglar, qoraqalpoq xalq maqol va matallari orqali rivojlantirish, o‘quvchining fikrlash qobiliyatini sinovdan o‘tkazish usulidan foydalanish vositasida badiiy til bilan qoraqalpoq og‘zaki til (sheva)ning o‘ziga xos xususiyatlarini bir-biriga muvofiqlashtirgan holda mashg‘ulotlar olib borish to‘g‘risida batafsil tushunchalar berdi.

Shundan so‘ng, ilmiy-amaliy o‘quv seminari ishtirokchisi, Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 1-sonli maktabning oliy toifali qoraqalpoq tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Aptabida Abdumuratova 8-A sinf o‘quvchilariga “Ustozlik qilgan zoriqmas” mavzusida samimiy suhbat tarzidagi ochiq dars o‘tkazdi. Ochiq dars jarayonida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupovning “O‘rtoq muallim” poemasi asosida o‘quvchilar bilan dildan suhbatlashdi va xalq shoirining o‘z asarida so‘z qo‘llash san’ati, uning inson ma’naviyatini yuksaltirishdagi katta ahamiyati yuzasidan o‘quvchilarning o‘zaro fikr almashishlari uchun sharoit yaratdi.

Ilmiy-amaliy o‘quv seminari davomida 40-sonli umumta’lim maktabining qoraqalpoq tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zamira Xudoyberganova 5-sinfda qoraqalpoq tilidan “Bo‘g‘in va bo‘g‘in ko‘chirish” mavzusida ochiq dars o‘tkazdi. U o‘z darsida qoraqalpoq tili darslarida bo‘g‘in ko‘chirish borasida o‘quvchilar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan imlo xatolarga barham berish yuzasidan qimmatli fikrlar bildirdi.

Seminar ishtirokchilari o‘tkazilgan har ikkala ochiq darsni ham yuqori baholadilar. Shu bilan birga mazkur ochiq darslar orqali qoraqalpoq tili va adabiyot fanini o‘qitish bo‘yicha katta tajribaga ega Aptabida Abdumuratova hamda 40-sonli maktabning qoraqalpoq tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zamira Xudoyberganovalar tomonidan ochiq dars jarayonida ilgari surilgan innovatsion g‘oyalar muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

Ilmiy-amaliy o‘quv seminari ishtirokchilari o‘tilgan ochiq darslar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Barcha savollarga mas’ullar va tajribali o‘qituvchilar tomonidan javoblar taqdim etildi.

Seminar yakunida Aptabida Abdumuratova va Zamira Xudoyberganova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.

Shu kuni Amudaryo tumanidagi 40-sonli umumta’lim maktabida ham “Geografiya darslarida yangi uslublardan hamda xaritalar (atlas va kontur)dan foydalanib dars o‘tish usuli va amaliy masalalar bilan ishlashish” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy seminari o‘quv seminari o‘tkazilib unda Qoraqalpog‘iston ta’lim Markazi uslubchisi Rita Qalilayeva, mazkur Markazning uslubiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi uslubchisi Jamolatdin O‘tepbergenovlar o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy o‘quv seminarining ahamiyati va undan kutilayotgan natijalar yuzasidan batafsil ma’lumot va tushunchalar berdilar.

Seminar davomida maktabning geografiya fani o‘qituvchisi Zokir Rahimov hamda 47-sonli maktabning geografiya fani o‘qituvchisi Gulbanu Almambetovalar tomonidan namunali ochiq darslar o‘tkazildi.

Ilmiy-amaliy o‘quv seminari yakunida o‘tkazilgan har ikkala ochiq dars ishtirokchilar tomonidan tahlil etilib, o‘qituvchilarning bilim va mahoratlariga dars o‘tishdagi o‘ziga xos uslublariga yuqori baho berildi. Amudaryo tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi uslubchisi Rayhon Yakubova bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy o‘quv seminari ta’lim sifatini oshirishga ijobiy ta’sir qiluvchi omil bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.