HARBIY XIZMATGA CHAQIRILUVCHILARNI TANLOV TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 aprel kungi “Chaqiriluvchilarni tanlab olish to‘g‘risida”gi Qarori asosida Amudaryo tumani hokimining 2023 yil 22 iyul kungi Qarori bilan tayinlangan tanlov Kengashi tomonidan Mudofaa ishlari bo‘limi bilan hamkorlikda fuqarolarni 2024 yilgi harbiy xizmatga chaqiruvga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tanlov tadbirlari olib borilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatga tanlov tadbirlari 2023 yilning 10 avgust kunidan boshlandi va 2024 yilning 10 fevral kuniga qadar davom etadi.

Tanlov tadbirlarida 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan ya’ni 1997-2006 yillarda tug‘ilgan va ilgari harbiy xizmatni o‘tamagan yigitlarimiz qatnashmoqdalar. Ushbu tanlov tadbirlarida qo‘yilgan sinovlardan muvaffaqiyatli ravishda o‘tgan yigitlar muddatli harbiy xizmatga jo‘natiladilar.

Tanlov 3ta yo‘nalish bo‘yicha olib borilmoqda. Ya’ni jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, yakka tartibda suhbat o‘tkazish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish.

Ayni kunlarda tanlov Kengashi tomonidan muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning Do‘stlik mahallasida joylashgan o‘yingohda jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilmoqda.

Jismoniy normativlarni muvaffaqiyatli topshirgan chaqiriluvchilarga yakka tartibdagi suhbatga kirishga ruxsat berilayapti. Yakka tartibdagi suhbat Tanlov Kengashi tomonidan olib borilib, chaqiriluvchilarning dunyoqarashi, oilaviy ahvoli, shuningdek, salohiyatlari o‘rganiladi hamda tarix fanidan savol-javoblar o‘tkazilib, intellektual darajasi aniqlanmoqda. Tanlov natijalariga ko‘ra, chaqiriluvchining muddatli harbiy xizmatga jo‘natilishiga yoki jo‘natilmasligiga tavsiyalar berilayotir.

Yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan chaqiriluvchilar Butlash komissiyasiga borish huquqini qo‘lga kiritadilar. Butlash komissiyasidan o‘taolgan chaqiriluvchilar esa Respublika rahbariyati Kengashi komissiyasiga muddatli harbiy xizmat komandalariga va qo‘shin turlariga tayinlanish uchun yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibini jismoniy baquvvat va ma’nan yetuk askarlar bilan butlashga va Vatanimizning ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga da’vat etishda tuman Mudofaa bo‘limi xodimlarining vazifasi mas’uliyatlidir. Shu boisdan ham ular tanlovni namunali va haqqoniy ravishda o‘tkazishga intilmoqdalar.

Shunisi e’tiborliki, mazkur tanlovda qatnashmagan yoki qatnashib, sinovlardan o‘taolmagan chaqiriluvchilar, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatiga tayinlanadilar.

Harbiy xizmat burchini o‘tash har bir yigit uchun sharafli vazifadir. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qayd qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy xizmatni o‘tashga majburdirlar.

Oygul RAJABOVA.