Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 66-sessiyasi toʻgʻrisida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 10 noyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 66-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 29-Qangli saylov okrugidan deputat Zamira Safarova saylandi.

Sessiyada deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada dastlab Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan 2023 yilning 9 oyi davomida odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida sud raisi Asqar Safarov hisobot berdi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, 2023 yilning 9 oyi davomida mazkur sudning ish yurituviga 153 nafar shaxsga nisbatan 109 ta jinoyat ishi kelib tushgan. Shundan, 142 nafar shaxsga nisbatan 107 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan bo‘lsa, 15 nafar shaxsga nisbatan 13 ish jinoyat ishlari tegishliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborilgan.

Sessiyada tuman prokuraturasi tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huqubuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar to‘g‘risida tuman prokurorining katta yordamchisi Shariyar Joldasbayev hisobot berdi.

Hisobotda qayt etilganidek, joriy yilning 10 oyi davomida 106ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, qonunchilik talablariga zid bo‘lgan hujjatlarga nisbatan 176ta protestlar keltirilgan. Qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish haqida 49ta taqdimnomalar kiritilgan. Shuningdek 157 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 5ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 348 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan. Huquqbuzarliklar natijasida yetkazilgan 1 mlrd 452 mln 212 ming so‘m zarar ixtiyoriy ravishda qoplangan.

Bundan tashqari 55ta tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordamlar ko‘rsatilib, shundan 2tasiga tabiiy gaz tarmog‘iga, 2tasiga ichimlik suv tarmog‘iga, 17tasiga elektr tarmog‘iga ulanishida, 15tasiga tumandagi tijorat banklaridan jami 10 mlrd. 634 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilishida, 3ta tadbirkorga bino ajratilishida, 4 tasiga boshqa masalalarda yordam ko‘rsatilgan. Natijada 12ta tadbirkorlik subyekti yangidan tashkil qilinishiga va 76ta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ko‘maklashilgan.

Sessiya ishida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Komiljon Aytbayev “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand oilalarga mablag‘ ajratib berish bo‘yicha taklif berdi. Sektor a’zolari tomonidan uyma-uy yurish natijasi va sektor rahbarlarining tavsiyasiga asosan boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz, I va II guruh nogironligi bor a’zolari bo‘lgan, mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari bo‘lgan, ko‘p farzandli hamda tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalarga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan mablag‘ ajratish berish taklifi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin tuman Moliya bo‘limi boshlig‘i Javlon Jumamuratov mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ajratiladigan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish va bu borada ochiqlikni ta’minlash masalasida hisobot berdi.

Hisobotda tuman mahalliy budjetining daromadlar qismi aniqlangan reja prognozi 57 mlrd 830 mln 871 ming so‘mga belgilangan bo‘lib, amalda 66 mlrd 139 mln 136 ming so‘mga ya’ni 114,4 foizga, yoki rejaga nisbatan 8 mlrd 308 mln 265 ming so‘mga ortig‘i bilan bajarilishiga erishilgan. Ushbu ko‘rsatgich birinchi chorakda jami 3 mlrd 742 mln 300 ming, ikkinchi chorakda jami 2 mlrd 47 mln 700 ming, uchinchi chorakda esa jami 2 mlrd 517 mln 600 ming so‘mni tashkil qiladi.

Sessiyada tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish yakunlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan axborot berdi.

Axborotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 2023 yil 31 oktyabr sanasiga qadar tuman aholisi tomonidan jami 3 ming 755ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Shundan 2 ming 810tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 546tasi ijobiy hal qilingan.

Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati