EL SALOMATLIGI YOʻLIDA XIZMAT QILISH – SHARAFLI BURCH

Туман янгиликлари

Inson aqlan va jisman sog‘lom bo‘lsagina, to‘laqonli hayot kechiradi, jamiyat uchun naf keltiradi. Zero, xalq salomatligi, millat genofondi mustahkamligi shu davlatning katta boyligi sanaladi. Shu bois yurtimizda aholi sog‘ligini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, keng ko‘lamdagi islohotlar joriy etilmoqda.

Aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida Amudaryo tumanidagi Tibbiyot birlashmasi tarkibida 415 o‘rinli Markaziy shifoxona, 36 o‘rinli xo‘jalik hisobidagi Reabilitatsiya bo‘limi, 14ta 1455 quvvatga ega bo‘lgan Ambulatoriya-poliklinika muassasasi, 1ta ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinika, 9ta Oilaviy poliklinika va 4ta Oilaviy shifokorlik punktlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tibbiyot birlashmasida 295 nafar shifokor, 1188 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari,  faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning  189 nafari malaka toifalariga ega.

Oliy toifali shifokorlar 143 nafar, 1-toifalilar 25 nafar, 2-toifalilar 21 nafardan iborat. O‘rta tibbiyot xodimlaridan esa 684 nafari malaka toifalariga ega.

Tuman hududidagi ovul va qishloqlar aholisiga oilaviy poliklinikalar va shifokorlik punktlari orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tibbiyot muassasalariga 24293 ta xonadondagi 134733 nafar aholi biriktirilgan. Muassasalarda 91 nafar umumiy amaliyot shifokorlari, 328 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, shundan 212 nafar patronaj hamshiralari malakali tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Mang‘it shahri hududidagi 12669ta xonadonda yashovchi 70111 nafar aholi esa ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinikada yo‘lga qo‘yilgan tibbiy xizmatdan foydalanadi. Poliklinikada 102 nafar shifokor, shundan  34 nafari umumiy amaliyot shifokori hamda 183 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, shundan 68 nafari patronaj hamshiralari aholi salomatligini asrashda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.

Tuman Markaziy shifoxonasidagi statsionar tibbiy xizmat 415 o‘ringa mo‘ljallangan. Bemorlarga kasallik turlariga qarab, terapiya, kardiologiya, nevrologiya, bolalar, jarrohlik, travmatologiya bo‘limlari, tug‘ruq majmuasi, yuqumli kasalliklar bo‘limi, xo‘jalik hisobidagi pullik reabilitatsiya bo‘limida davo muolajalari qo‘llanilib, sog‘lomlashtiriladi. Shuningdek, Prezidentimizning 2017 yilgi “2018-2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada skrining xonasi tashkil qilingan. “Tibbiyot brigadalari”da esa 91 nafar shifokor, 328 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari xizmat qilmoqda.

Joriy yilda ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari reja asosida olib borildi. Tibbiy ko‘riklarda 166521 nafar aholi qatnashgan bo‘lsa, 55781 nafar bemor aniqlangan. Aniqlangan bemorlarning 51055 nafari ambulator, 4481 nafari statsionar, 245 nafari sanatoriya-kurortlar sharoitida sog‘lomlashtirildi.

Undan tashqari, Prezidentimizning 2020 yilgi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  va 2021 yilgi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlariga muvofiq, homiladorlar hamda 3-15 yoshdagi bolalarni yod hamda 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarni temir va foliy kislotasi preparatlari bilan bepul ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining 2015 yilgi “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga asosan tuman hokimligi qarori bilan 127 nafar  o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan hamda yolg‘iz yashaydigan keksalar, nogironligi bo‘lgan ayollar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning ham salomatligi muntazam nazorat ostiga olingan. Shuningdek, 218 nafar fuqaro reabilitatsiya-texnik vositalari va kreslo aravachalar  bilan ta’minlangan. «Nogironlar va keksalarni bepul sanatoriya-kurort yo‘llanmalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaga asosan vazirlik tizimidagi sanatoriylarga 245 nafar nogiron va keksa ayollar bepul yo‘llanmalar, 359 bemorga Respublika Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanishlari uchun elektron yo‘llanmalar berilgan.

Tibbiyot birlashmasidagi kompyuter texnikalari hududlardagi tibbiyot maskanlari bilan axborot almashishni yaxshilash va tezkorligini ta’minlash maqsadida yuqori tezlikda ishlovchi shisha tolali kabellar orqali internet tarmog‘iga ulangan. Mavjud kompyuter texnikalarining 85tasi internet tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, 29tasi elektron pochta orqali axborot almashish imkoniyatiga ega.

Kelgusidagi rejalar haqidagi to‘xtaladigan bo‘lsak, tuman aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida  Bo‘zyop, O‘rtaqal’a, Qipchoq, Choyko‘l, Toshyop ovullari va Toryop mahallasi hududidagi oilaviy shifokorlik punktlarini bosqichma-bosqich qayta tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 5-, 71-sonli oilaviy poliklinikalari binolarini yangidan qurish, 2-, 4-sonli oilaviy poliklinikalar binosiga qo‘shimcha bino qurish bo‘yicha Davlat investitsiya dasturlariga takliflar kiritish rejalashtirilgan. Markaziy shifoxona va ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinika binosida suv ta’minoti, suv-oqava tizimini tubdan rekonstruksiya qilish hamda markazlashtirish, hududlardagi tibbiyot maskanlarini muqobil energiya bilan ta’minlash, quyosh suv isitish qurilmasini o‘rnatish bo‘yicha muayyan choralar ko‘rilmoqda.

Har qaysi xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot ko‘rsatkichi inson, uning sog‘lig‘i va turmush darajasiga berayotgan e’tibori, shu yo‘ldagi sa’y-harakatlari bilan o‘lchanadi. Shu bois, yurtimizda tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash va ular xizmatini eng chekka hududlardagi aholigacha yaqinlashtirish, tumandagi tibbiyot birlashmasi faoliyatini tubdan yaxshilash kabi vazifalar hamisha dolzarb bo‘ladi.

Bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan, aholi sog‘ligini asrash va mustahkamlashda fidoyi bo‘lgan salomatlik posbonlari, barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklayman. El salomatligi yo‘lidagi mashaqqatli faoliyatida kuch va shijoat tilayman!

F.ABDULLAYEV, tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i.