Amudaryo tumanida tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi

Туман янгиликлари

Yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari kuni deb belgilanib, bayram sifatida nishonlanishi davlatimiz va jamiyatimizning salomatligimiz posbonlariga nisbatan yuksak e’tibor va hurmatining yaqqol namunasidir. Amudaryo tumanida ham ushbu sana har yili keng tantana qilinadi, tibbiyot fidoyilari, tajribali shifokorlar, faxriylar uchun tadbirlar tashkillashtiriladi.

An’anaga muvofiq 11 noyabr kuni Mang‘it shahridagi fayzli “Xon” to‘yxonasida tadbir o‘tkazilib, bemorlar dardiga darmon bo‘lguvchi sharafli kasb egalari – shifokor hamda hamshiralar uchun tuman hokimligi hamda tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan bayram dasturxoni yozildi.

Tantanali tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, xalq salomatligi yo‘lida, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi.

Shifokorlar har davrning qahramonlari hisoblanadi. Dunyo yaralibdiki, ushbu sharafli kasb o‘z qadri va ahamiyatini yo‘qotmagan. Bugun ham tibbiyot xodimlari har qachongidan ham ko‘proq, boshqa kasb egalaridan-da ziyoda e’zozga, e’tirofga sazovordir.

Tadbir avvalida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov tumanimizdagi barcha tibbiyot xodimlarini 12 noyabr – tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tabriklab, ularning sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi hamda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Bayram kechasida xalq salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh shifokor va hamshiralar tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tibbiyot sohasida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan soha vakillariga tuman hokimligi hamda Tibbiyot birlashmasi tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.

Aytish joizki, bugungi kunda tuman Tibbiyot birlashmasida 295 nafar shifokorlar faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 189 nafari toifaga ega shifokorlardir. Aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida Tibbiyot birlashmasi tarkibida 415 o‘rinli Markaziy shifoxona, 36 o‘rinli xo‘jalik hisobidagi Reabilitatsiya bo‘limi, 14ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, jumladan, 1ta ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinika, 9ta Oilaviy poliklinika va 4ta Oilaviy shifokorlik punktlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tuman hududidagi ovul va qishloqlar aholisiga oilaviy poliklinikalar va shifokorlik punktlari orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tibbiyot muassasalariga 24 ming 293 ta xonadondagi 134 ming 733 nafar aholi biriktirilgan. Muassasalarda 91 nafar umumiy amaliyot shifokorlari, 328 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, shundan 212 nafar patronaj hamshiralari malakali tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Mang‘it shahri hududidagi 12 ming 669ta xonadonda yashovchi 70 ming 111 nafar aholi esa ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinikada yo‘lga qo‘yilgan tibbiy xizmatdan foydalanadi. Poliklinikada 102 nafar shifokor, shundan 34 nafari umumiy amaliyot shifokori hamda 183 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, shundan 68 nafari patronaj hamshiralari aholi salomatligini asrashda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.

Bayram tadbiri davomida so‘zga chiqqanlar tibbiyot xodimlari timsolida o‘z halovatidan kechib, kecha-yu kunduz xalq salomatligi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiluvchi kasb egalari gavdalanishini ta’kidlab o‘tdilar. Inson salomatligi jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa ana shu boylikning fidoyi posbonlari ekanligi alohida qayd etildi. Bugungi kunda tibbiyot tizimida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotgani, tibbiyot muassasalarining yangidan-yangi binolari qad rostlab, ularning moddiy-texnik bazalari mustahkamlanayotgani minnatdorchilik bilan e’tirof etildi.

Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan namoyish etilgan katta musiqiy dastur tadbirga yanada fayz kiritdi va barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Tibbiyot xodimlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri sho‘x kuy-qo‘shiqlar va dilrabo raqslar bilan davom etdi.

Chindan-da so‘nggi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasi juda tez rivojlanmoqda. Aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardan tortib tor doiraga ixtisoslashgan tibbiyot maskanlarigacha barchasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan zamonaviy tarzda jihozlanmoqda. Xususiy tibbiy muassasalar ham aholi salomatligini mustahkamlash va kasalliklarni davolashda ilg‘or hamda zamonaviy tibbiy uskunalar, asbob-anjomlardan foydalanib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishmoqda. Natijada aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi oshib, turli kasalliklarning oldi olinmoqda, minglab bemorlar fidoyi tibbiyot xodimlaridan shifo topmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, tibbiyot xodimlari inson salomatligini asrash va mustahkamlashdek mas’uliyatli vazifani sharaf bilan ado etib kelmoqdalar.

Fursatdan foydalanib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklab, kelgusi ishlariga omad vazafarlar tilaymiz!

Tuman hokimligi Axborot xizmati