QIPCHOQ OVULIDAGI KASB-HUNAR MAKTABIDA “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI DOIRASIDA KOʻCHAT EKISH ISHLARI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Barcha ovul va mahallalarda, korxona-tashkilotlar, ta’lim muassasalari binolari atrofida loyiha doirasida yashil bog‘ barpo etish uchun turli mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini o‘tqazish, ularni muntazam ravishda parvarishlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

7 noyabr kuni Qipchoq ovulidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi binosi atrofida ham yashil hududlarni yanada kengaytirish, ekologiya yaxshilanishiga hissa qo‘shish maqsadida ko‘chat ekish va obodonlashtirish ishlari tashkil qilindi. Ushbu ezgu va xayrli ishlarda maktabning barcha xodimlari, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida maktab hududidagi maydonlarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazilib, mavjud daraxtlar, archalar va butalarga shakl berildi, qurigan shoxlari olib tashlandi. Yovvoyi o‘tlardan tozalangan yer maydonlariga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ushbu kasb-hunar maktabida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan o‘quv binosidan tashqari, 240 o‘rinli o‘quv ustaxonasi, 120 o‘rinli oshxona va 100 o‘rinlik o‘quvchilar turar joyi mavjud. Maskanda o‘quvchi-yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Maktabda bu yilgi o‘quv yilida 1-bosqichga 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 205 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Hozirgi kunda o‘quvchi-yoshlarga 28 nafar o‘qituvchi va 9 nafar ishlab chiqarish ustalari ta’lim-tarbiya berishmoqda.

Mazkur kasb-hunar maktabida yoshlarga avtomobil dvigatellarini tashxislash va ta’mirlash, avtomobil elektr va elektron jihozlariga xizmat ko‘rsatish, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori, tikuvchi, o‘t o‘chiruvchi, traktorchi-mashinist, raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi, elektrik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha puxta bilim berilmoqda. Maktabning tajribali o‘qituvchilari umumta’lim fanlarini, mahoratli ishlab chiqarish ta’limi ustalari kasb va hunar sirlarini mukammal o‘rgatishmoqda. Kasb va hunar sirlarini chuqur o‘rganayotgan yoshlar maktab, tuman va respublika miqyosidagi turli tadbirlar, tanlovlarda o‘z iqtidorlarini namoyish etishmoqda.

Har jabhada o‘z faolligini namoyon etayotgan maktab jamoasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga ham o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Shu paytga qadar kasb-hunar maktabi atrofidagi yer maydonlariga shartnomaga ko‘ra, Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligidan 6,5 mln. so‘mlik ko‘chatlar keltirilib ekildi. Hududga 100 tup yasin, 100 tup katalpa, 100 tup qayrag‘och, 100 tup yapon sapurasi, 100 tup terak ko‘chatlari ko‘chirildi. Undan tashqari, loyiha doirasidagi ezgu ishlar davomida o‘qituvchi va o‘quvchilarning tashabbusi bilan 700 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ham o‘tqazildi.

Maktab bog‘iga yaxshi niyat bilan ekilgan barcha ko‘chatlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Endi ular agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.

Maktab atrofini yanada obod qilish maqsadida tashkil etilgan xayrli tadbir davomida ko‘chatlar uchun maxsus texnika yordamida chuqurlar qazildi. Nihollar belgilangan o‘lchamdagi chuqurlarga joylashtirildi va suv quyilib, yumshatilgan tuproqlar bilan ko‘mildi. Loyiha doirasidagi mazkur tadbir uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, maktab hududidagi bog‘lar yanada kengaytirildi.

O.Xudoyberganova.