“USTOZ – TAʼLIM BUNYODKORI” SHIORI OSTIDA OʻQITUVCHILAR QURULTOYI BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Tumandagi ta’lim tizimi xodimlari ishtirokida “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida ta’lim sohasidagi islohotlarni birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimini topishga bag‘ishlangan O‘qituvchilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

7 noyabr kuni 76-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi metodisti O‘tkir Matmuradov hamda tumandagi Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mas’ullari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari qatnashdilar.

Qurultoy to‘rt yo‘nalish bo‘yicha – boshlang‘ich ta’lim, aniq, tabiiy, ona tili va adabiyot fanlari yo‘nalishlarida seminar-trening, davra suhbatlari tarzida o‘tkazildi. Seminar-treninglar davomida trener-o‘qituvchilar o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilib, o‘qituvchilarga metodik tushunchalar berdilar. Shu bilan birga o‘qiutvchilarning darsda zamonaviy texnologiyalar va uslublardan samarali foydalanish bo‘yicha fikr-mulohazalarini tinglab, mavjud muammolarni muhokama qildilar.

Ta’kidlash joizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim islohotlarini birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida kuzgi ta’til davrida o‘qituvchilar ishtirokida o‘quv seminarlar va uchrashuvlar tashkil etilishi belgilangan edi. Shunga ko‘ra yurtimizning barcha hududlarida O‘qituvchilar qurultoyi tashkil etilib, boshlang‘ich ta’lim, aniq va tabiiy, ona tili va adabiyot fanlaridan treninglar, ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi, har bir yo‘nalish bo‘yicha 341 nafardan jami 1 364 nafar trener-o‘qituvchilar qatnashishdi.

Respublika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan seminar-treninglar hamda ochiq muloqotlarda ushbu trener-o‘qituvchilar tomonidan fan o‘qituvchilariga o‘z fanlaridan yangi metodlarni qo‘llash bo‘yicha tushunchalar berildi. Seminar-treninglar davomida pedagoglar o‘quvchilarni fanlarga qiziqtirish yo‘llari, loyihaga asoslangan ta’limning mohiyati, o‘qish savodxonligi va fanlar doirasida 4K modelini qo‘llash, XXI asrda sifatli o‘qitishning asosiy tamoyillari yuzasidan muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, davra suhbatlari o‘tkazilib, mavjud muammolar va ularni yechimi bo‘yicha fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

 Amudaryo tumanida bo‘lib o‘tgan O‘qituvchilar qurultoyida ham umumta’lim maktablarining boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyoti yo‘nalishi metodbirlashma rahbarlari va fan o‘qituvchilari kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi metodisti O‘tkir Matmuradov hamda tumandagi Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limining boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyoti yo‘nalishi metodistlari ko‘rgazmali tarzda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdi. Mashg‘ulotlardan so‘ng, ochiq muloqot o‘tkazilib, mavjud muammolar muhokama qilindi va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Qurultoyga tashrif buyurgan tumnadagi umumta’lim maktablarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha metodbirlashma rahbarlari va fan o‘qituvchilari kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Bu kabi treninglar o‘qituvchilar malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O.Xudoyberganova.