IJTIMOIY SOHA OBYEKTLARINING ISITISH TIZIMLARINI MODERNIZATSIYA QILISH MASALALARIGA BAGʻISHLANGAN YIGʻILISH OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Ma’lumki, yurtimizda ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlari tadbirkorlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu borada joriy yilning aprel oyida Prezidentimizning “Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan bo‘lib, qish fasli yaqinlashayotgan ayni kunlarda uning ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar yanada dolzarb tus olgan.

11 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi 38-sonli maktabning majlislar zalida ham aynan shu masalalar, Prezident Qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ijtimoiy soha obyektlari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda tuman Moliya bo‘limi boshlig‘i Javlon Jumamurodov, Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limining ekspluatatsiya xizmati rahbari Ikrom Saidov, “JKB ENERGY NUKUS GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli firma rahbari, Turkiya mamlakati tadbirkori Durri Burun va boshqalar qatnashishdi.

Yig‘ilishda mas’ullar Prezidentimiz xususiy sheriklik asosida ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimini yangilash va boshqarish bo‘yicha Andijon tajribasini O‘zbekiston bo‘ylab joriy etish topshirig‘ini bergani, bunda isitish tizimlari tadbirkorlarga 10 yilga berilishi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinishi, bu boradagi Prezident Qaroriga ko‘ra loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgani xususida batafsil ma’lumotlar berishdi. Shuningdek, loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tumanlarda ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlangani, ijtimoiy soha obyektlarida O‘zbekistonda 1 yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan isitish qozonlari o‘rnatila boshlaganini aytib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur Qaror asosida Amudaryo tumanida ham 125ta ijtimoiy soha obyektlari bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida “JKB ENERGY NUKUS GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli firma o‘rtasida bitim imzolangan bo‘lib, shundan 26ta ijtimoiy soha obyektlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Rejaga ko‘ra, endilikda tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Berdaq oilaviy shifokorlik punktiga 2 dona, 16ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 53 dona va 9ta umumta’lim maktabiga 34 dona, jami 89 dona Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan isitish qozonlari o‘rnatiladi.

Turkiya mamlakati tadbirkori Durri Burun tumanda bugungi kunda 78 dona isitish qozonlari olib kelingani, qolganlari ham belgilangan tartibda keltirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, bugungi kunda 6 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish ishlari yakunlangani, jami 18 dona isitish qozonlari o‘rnatilgani, ayrim obyektlarda qozonxonalarning tayyor emasligi, qurilish ishlari tugallanmagani sababli qozonlarni o‘rnatish, ishga tushirish imkoni bo‘lmaganini ham aytib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida modernizatsiya xarajatlari uchun budjet mablag‘lari hisobidan 3 mlrd. 554 mln. 720 ming ajratilishi belgilangani, bugungi kunda tadbirkorning qurilish firmasiga qurilish xarajatlari uchun budjet mablag‘lari hisobidan avans tariqasida 1 mlrd. 307 mln. so‘m, ko‘mir xaridi uchun 396 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, moliyalashtirilgani to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Shuningdek, 125ta ijtimoiy soha obyektlaridan 99tasining qozon va qozonxonalarini kuz-qish mavsumiga tayyor holatga keltirish, ularni ko‘mir yoqilg‘ilari bilan to‘liq ta’minlash borasidagi amaliy ishlar jadal davom etayotgani bildirildi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning “Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qarorida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama etildi va bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.

O.Xudoyberganova.