SARANJOM-SARISHTA, YASHIL MASKANGA AYLANAYOTGAN MAKTAB

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda tumanimizning qaysi hududiga bormang, kuzgi ko‘chat ekish, obodonlashtirish ishlariga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zingiz quvonadi.

Darvoqe, ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimiz uchun azaliy qadriyat. Shu bois, oilada farzand tug‘ilsa, har bir yangi tug‘ilgan chaqaloqqa atab mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkaziladi. Buning o‘z ramziy ma’nosi bor, albatta. Bolada tabiatga mehr uyg‘otish, o‘z bog‘i, chorbog‘ini yaratishga o‘rgatish, qolaversa, unib-o‘sib, hovli-joyga ko‘rk, fayz bag‘ishlagan daraxt soyasi-yu mevasidan el-yurt bahra olsin, degan ezgu niyatlar mujassam bu bobomeros qadriyatda.

Kundan-kunga obod va farovon bo‘lib borayotgan mahallalar, idora va tashkilotlar, umumta’lim muassasalari atrofida barpo etilayotgan yashil hududlar xalqimiz uchun bitmas-tuganmas musaffo havo – kislorod fabrikasidir. Musaffo havo esa sog‘lom hayot manbai, bu manbani yaratishga hissa qo‘shish har bir sog‘lom fikrli insonning zimmasidagi mas’uliyatli burchi hisoblanadi.

Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 56-sonli maktab atrofi ham yil sayin obodon va ko‘klamzor hududga aylanib bormoqda. Orzigul Xudoyberganova rahbarligidagi mazkur pedagogik jamoa ayni kunlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida maktab hududidagi dov-daraxtlarni asrab-avaylash, gul urug‘lari va sovuqqa chidamsiz gul ko‘chatlarini bahorgi ekish mavsumiga tayyorlab qo‘yish, mavjud mevali va manzarali daraxtlarga kuzgi shakl va ishlov berish bilan bir qatorda muassasa hududida yangidan bog‘ yaratish ishlariga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Avvalo maktabning texnik xodimlari tomonidan hududdagi ariqlar xas-xashaklardan tozalanib, ko‘chat o‘tqaziladigan yer qondirib sug‘orib qo‘yildi. Tuman hokimligi va Durunki MFY tomonidan yetkazib berilgan 192 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari maktab bog‘boni Mansur Haytanov, texnik xodimlar Manzura Qodirova, Oltinoy Xo‘jamurodova, Manzura Kamolova, Gulmira Hayitboyeva, Mavluda Julanova, Jasur Haytanovlar tomonidan maktab bog‘iga va muassasa atrofidagi ariqlar bo‘ylariga sifatli qilib ekildi. O‘tqazilgan har bir tup ko‘chatning tuproqqa ildiz qo‘yib, to‘liq rivojlanib ketishini ta’minlash maqsadida maktab bog‘boni Mansur Haytanov boshchiligidagi texnik xodimlar ko‘chatlarni o‘g‘itlab, suv quyib chiqdilar. Qishning sovuq va izhirinli kunlarida ekilgan ko‘chatlarning ildizlari zararlanmasligi uchun tuplariga yaxshilab tuproq tortilib, zichlandi.

Ayni paytda esa maktab bog‘boni va texnik xodimlar avvalgi yillarda o‘tqazilgan daraxtlarning tuplarini oqlash, ortiqcha shox-shabbalardan tozalash, maktab bog‘idagi ekindan bo‘shagan yerlardagi har xil begona o‘tlar chiqindilarini bog‘ hududidan chiqarib tashlash kabi kuzgi-qishgi yumushlarni ado etishmoqda. Muassasa atrofi esa kech kuz bo‘lishiga qaramay, ozoda va sarishta. Xazonlardan tozalangan, yangi ekilgan ko‘chatlar bir tekis saf tortgan, chiroyli shakl berilgan dov-darajtlar nafaqat mazkur ta’lim-tarbiya maskaniga, balki Durunki mahallasiga ham fayz bag‘ishlab turibdi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.