NOTARIAL HARAKATLAR BELGILANGAN TARTIBDA RAD ETILISHI MUMKIN

Туман янгиликлари

Notarial harakatlar O‘zbekiston Respublikasining “Notariat to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra amalga oshiriladi. Ushbu Qonunning 38-moddasida notarial harakatni amalga oshirishni rad etish tartibi ko‘rsatilgan. Belgilab qo‘yilganidek, bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid bo‘lsa, bu harakat boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lganida, muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilganida, yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan bitim uning ustavida yoki Nizomida ko‘rsatilgan maqsadlarga zid bo‘lsa, bitim qonun talablariga yoki notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lmasa rad etiladi.

Notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida notariusga murojaat qilingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi. Notarius notarial harakatni amalga oshirish to‘g‘risidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan rad etish sababini yozma ravishda bayon etishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirib berishi lozim.

“Notariat to‘g‘risida”gi Qonunga asosan ayrim notarial harakatlar, masalan, meros qoldiruvchining kreditorlaridan da’volarni qabul qilish, meros mol-mulkni qo‘riqlash, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish tartibi, marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) arizasiga ko‘ra, umumiy mol-mulkdagi ulushga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risida guvohnoma berish notarial harakatlar marhum oxirgi doimiy yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududdagi notarial idora tomonidan, pul summalari va qimmatli qog‘ozlarni depozitga qabul qilish depozitga pulni topshiruvchi shaxs, chekni to‘lovga taqdim etish va chekning to‘lanmaganligini tasdiqlash chekni to‘lovga taqdim qiluvchi shaxs doimiy yashash manzilidagi hududdagi notarial idora tomonidan amalga oshiriladi.

“Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasiga asosan amalga oshirilgan notarial harakatni, notarial harakatni kechiktirish yoki notarial harakatni amalga oshirishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni noto‘g‘ri deb hisoblagan manfaatdor shaxs bu xususda notarial idora turgan joydagi sudga shikoyat qilishga haqlidir.

R.Niyazimbetov,

xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius.