TADBIRKORLAR VA MIJOZLARGA MUNOSIB SHAROITLAR YARATILMOQDA

Туман янгиликлари

Bozorda aholiga va savdo qiluvchi tadbirkorlar uchun munosib sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda 270ta savdo shoxobchasi mavjud bo‘lib, shularning 158tasi faoliyat yuritmoqda. Bozor hududida jami 172 nafar tadbirkorlar xalqimizga namunali xizmat ko‘rsatishmoqda.

Jamiyat tomonidan 2022 yilda yalpi daromad olish rejasi 88,70 foizga, budjetga pul tushumlarini o‘tkazish rejasi 94,31 foizga ado etildi.

Bozor hududida  savdo qiluvchi shoxobchalar eng zamonaviy uslubda, raqobatbardosh materiallardan qurilgan. Yo‘laklar, savdo o‘rinlari oraliqlariga plitalar yotqizilib, qor-yomg‘ir suvlari oqib ketishi uchun suv yo‘llari ham qurilgan. Shuningdek, quyoshsiz, bulutli kunlarda foydalanish uchun yoritgichlar ham o‘rnatilgan.

Buyum bozoriga tashrif buyurgan mijoz yilning barcha fasllarida har qanday ob-havo sharoitida ham qiynalmasdan o‘z xaridini amalga oshirishi mumkin.

2023-2024 yillar uchun savdo kompleksi hududini obodonlashtirish, bino va inshootlarni ta’mirlash, faoliyati sifatini yanada oshirish yuzasidan ustuvor rejalar belgilab olinib, amalga oshirilayotir. Shuningdek, savdo tushumini oshirish, xaridorlar xarid qilishiga qulay sharoit yaratish uchun barcha savdo shoxobchalari to‘lov terminallari bilan ta’minlangan.

Hozirgi kunda Beruniy nomli mahalla hududidagi 2 gektar 12 sotix maydonni egallagan “Mang‘it savdo kompleksi” xodimlari 2023-2024 yillar uchun belgilangan biznes rejalarni ortig‘i bilan uddalash uchun tinimsiz sa’y-harakatlar olib borishmoqda. Bozor atrofida noqonuniy savdo qilayotgan tadbirkorlarning faoliyatini qonuniylashtirish, ya’ni tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlash orqali mahalliy budjet va budjetdan tashqari tushumlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Mang‘it dehqon bozori atroflarida noqonuniy savdo qilayotgan tadbirkorlarga buyum bozorining bo‘sh turgan do‘konlarida savdo qilish taklif etilmoqda. Chunki har bir savdo shoxobchasidan oyiga o‘rtacha 300 ming so‘m infrastruktura haqi undirilsa, bu qo‘shimcha daromad bo‘ladi va mahalliy budjetga, budjetdan tashqari jamg‘armalarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning hajmi ham oshadi.

“Mang‘it savdo komleksi”da mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, bozor tushumlari rejasining bajarilishiga erishish uchun aniq chora-tadbirlar mavjud va shu asosda ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Sevara Ismoilova.