KASBIMIZ MASHAQQATLI, AMMO SHARAFLI

Туман янгиликлари

Xalq salomatligi yo‘lida, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari har qancha e’zozga, e’tirofga munosib. Bemorlarga shifo ulashib kelayotgan shifokor, hamshiralar  Qipchoq oilaviy shifokorlik  punktida  ham talaygina.

Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga davlat tomonidan berilayotgan e’tibor, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar  mazkur tibbiy muassasada ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Men o‘z qiziqishlarimga ko‘ra  Ellikqal’adagi tibbiyot bilim yurtiga o‘qishga kirdim va 2003 yilda bitirib chiqdim. Qipchoq shaharchasidagi kasalxonaning terapiya bo‘limida mehnat faoliyatimni boshladim. Hozirgi kunda 1-sonli oilaviy poliklinikadagi tibbiy brigadada patronaj hamshirasi bo‘lib ishlayman. Mening zimmamga Beshtom mahallasi hududida istiqomat qiluvchi 208 ta xonadondagi 1 ming 30 nafar  aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishdek mas’uliyatli vazifa yuklangan. Bir yoshgacha bo‘lgan 31 nafar bolajonlardan har oyda bir marta xabar olib, salomatligini nazorat qilish, vaznini o‘lchash,  ularni ko‘krak suti bilan ovqatlantirishni targ‘ib etish, 14 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarning sog‘lig‘ini muntazam nazorat qilib borish, zarur hollarda davolanishga tavsiyalar berib borishdan  tashqari,  aholi orasida sog‘lom turmush tarzi afzalliklarini  tushuntirib, sog‘lom yashashlariga erishish oson emas. Bundan tashqari, tug‘ish yoshidagi ayollardan xabar olib turish, tug‘ruq oraliqlarini to‘g‘ri rejalashtirishga  o‘rgatish, hovli-joylarni ozoda, orasta saqlab, sanitariya-gigiyena qoidalari asosida hayot kechirishga  targ‘ib etish ham mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Bular bir qarashda juda murakkabdek tuyulsa-da, sidqidildan ishlagan odamga zavqli va sharafli. Xonadonlarga kirib borganimda  odamlarning ochiq chehra bilan qarshi olib, tavsiyalarimga quloq solishlari, amal qilishlari, nuroniy keksalarning sog‘lig‘ini tekshirib, shirin so‘zlar bilan tasalli berganimda ko‘ngillari ko‘tarilib,  minnatdor bo‘lishlari menga kuch–g‘ayrat bag‘ishlaydi. Xizmat hududimdagi har bir xonadon a’zolari  ko‘nglimga yaqin, qadrdon. Shu boisdan ham har kuni xizmat vazifamga xush kayfiyatda otlanaman.

  Yurtimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi  Tibbiyot xodimlari kuni sifatida nishonlanishi  bizning  sohamizga, mashaqqatli mehnatimizga  hurmat-ehtirom ramzidir. Barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayramlari bilan qizg‘in qutlab, uzoq umr tilayman.

Mastura TO‘RABOYEVA, 1-sonli oilaviy poliklinika patronaj hamshirasi.