SHIFOKORLIK – FIDOYILIK DEGANI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda bugungi kunda zamonaviy tibbiyot rivoji uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot sohasini chinakamiga xalq dardiga darmon bo‘ladigan, yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirish ustuvor vazifaga aylangan.

Men Toshkent Tibbiyot akademiyasida o‘qish va amaliyot mashg‘ulotlari davomida ham, shifokorlik faoliyatim davomida ham buni chuqur his qilib kelayapman. 2004-2011 yillarda Toshkent Tibbiyot akademiyasida, 2011-2014 yillarda mazkur akademiyaning magistratura bo‘limida  tahsil oldim va otolaringolog shifokor mutaxassisligiga ega bo‘ldim.

Tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikada quloq, tomoq, burun kasalliklariga chalingan bolalar, bemorlarni qabul qilib, tekshirib, ularga davo muolajalari buyuraman, shuningdek, zarur hollarda markaziy kasalxonaning travmatologiya bo‘limidagi quloq, tomoq, burun kasalliklarini davolash xonasida davolab, sog‘lom hayotga qaytishlariga ko‘maklashaman. Markaziy kasalxonada quloq, tomoq, burun kasalliklariga aniq tashxis qo‘yish va samarali davolash, yuqori texnologiyali operatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Men yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, bemorlar dardiga darmon bo‘lishga intilmoqdaman.

Shifokorlik – oddiy kasb emas, balki fidoyilik degani. Chunki bemorni sinchiklab tekshirguncha, muolaja choralarini qo‘llab, uni sog‘lom hayotga qaytarguncha vaqt bilan hisoblashmay ishlashga to‘g‘ri keladi. Albatta, dard iskanjasidagi bemorning shifokor muolajasi tufayli sog‘ayib, ko‘zlarida hayot uchqunlari porlashi bu – shifokor uchun eng ulug‘ mukofot.

Xalqimiz azal-azaldan odamlarni avvalo qaynoq mehri, shirin so‘zi bilan davolab kelayotgan tibbiyot xodimlarini hurmat qiladi, e’zozlaydi.

Har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida nishonlanishi davlatimizning bizning faoliyatimizga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori ramzidir. Bu bizni xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash yo‘lida yana ham samarali mehnat qilishga undayveradi.

Fursatdan foydalanib, soha xodimlarini kasb bayrami bilan qizg‘in qutlayman, ishlarida muvaffaqiyatlar tilayman!

G‘ayrat TOJIBOYEV, otolaringolog-shifokor.