ONALAR VA BOLALAR SALOMATLIGINI TAʼMINLASH – KELAJAKKA MUSTAHKAM POYDEVOR

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom yosh avlodni voyaga yetkazish alohida e’tibordagi, davlat siyosati darajasidagi masala hisoblanadi. Ayniqsa, onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza etishga, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Amudaryo tumanidagi tibbiyot tizimida ham xizmatlar sifati va qulayligini yanada yaxshilash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish borasida belgilab berilgan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgan tuman Tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksi 95 o‘ringa mo‘ljallangan. Kompleksning tug‘ruq bo‘limi 60 o‘rin, homiladorlar patologiyasi bo‘limi  35 o‘rindan iborat. Muassasada 5ta tug‘ruq zali, 2ta operatsiya xonasi mavjud. Har bir palata 4 o‘rinli.

Tug‘ruq kompleksida ayni paytda 1 nafar bo‘lim mudirasi  va navbatchi  akusher-ginekologlar, 10 nafar shifokor xizmat ko‘rsatadi. Shifokorlarning 9 nafari oliy toifali, 1 nafari 1-toifali, 1 nafari 2-toifali. Shuningdek, 152 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari, 52 nafar kichik tibbiyot xodimlari, jami 225 nafar tibbiy xodimlar onalar va chaqaloqlar salomatligiga mas’ul.

Tug‘ruq bo‘limida joriy yilning 10 oyi davomida qabul qilish rejasi 2740ta bo‘lib, amalda 4098 nafar homilador ayollarga tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Bo‘limda  homilador, tug‘adigan va tuqqan ayollar uchun  barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Aholi va tug‘ruqlar sonining tabiiy ko‘payayotgani yangidan zamon talablariga mos tug‘ruqxona kompleksini qurish zaruratini keltirib chiqardi. Bu masala Prezidentimizga Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida yetkazilganidan so‘ng, taklif e’tiborga olinib, tegishli dasturga kiritildi.

Shundan so‘ng, Tibbiyot birlashmasida yangi – qiymati 14,4 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 90 o‘rinli 4 qavatli tug‘ruq kompleksi zamonaviy loyihasi tasdiqlandi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Hozirgi vaqtda davom etayotgan qurilish ishlari “Temir beton” MCHJ tomonidan  olib borilmoqda. Ushbu obyekt uchun 14,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy ko‘rinishdagi bino qad rostladi. Katta hajmda olib borilgan qurilish ishlari davomida ushbu binoda barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Endilikda yangi majmuada ayollarni tug‘ruqqa tayyorlash, kutilmagan homiladorlikning oldini olish borasida malakali shifokorlar maslahatxonalari, homiladorlarni qabul qilish, alohida ko‘rik, bog‘lov xonalari tashkil etiladi. Eng asosiysi, dunyoga yangi kelgan chaqaloqlarni parvarishlash, sog‘lig‘ini qat’iy nazorat ostiga olish, zarur hollarda kerakli muolajalarni o‘tkazish uchun yanada yaxshi sharoitlar, imkoniyatlar yaratiladi. Shuningdek, yangi loyiha asosida qurilgan mazkur zamonaviy imoratdagi isitish va sovutish tarmoqlari ilg‘or texnologiyalar asosida takomillashtirilib, eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.

Tumanimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ko‘rsatilayotgan perinatal xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi keng ko‘lamli ishlar tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Onalar sog‘ligiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgan, ertamiz egalarining sog‘lom tug‘ilishiga mas’ul bo‘lgan tibbiyot xodimlariga kasb bayrami muborak bo‘lsin!

Ozoda Xudoyberganova.