Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi

Туман янгиликлари

2023 yil 10 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 28 oktyabrdagi xatiga asosan 16 noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” o‘tkazilishi munosabati bilan 13-19 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi”ni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi bayoni imzolangan edi.

Ushbu bayonnomaga asosan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida 16 noyabr kuni Amudaryo tuman Madaniyat bo‘limida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi xodimlari, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, o‘quvchi-yoshlar hamda tumanimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari ishtirok etdilar.

“Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazishdan maqsad ­­– jamiyatimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, qardosh mamlakatlar fuqarolari bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iborat.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bag‘rikenglik – o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanishini, O‘zbekistonda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki bu zaminda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinayotganligini alohida qayd etib o‘tdilar.

Tadbir davomida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadi borligi, fuqarolar manfaatlarini faqatgina tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqali ta’minlash mumkinligi, O‘zbekistonda fuqarolarning teng huquqliligi, ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi, millat va elatlarning madaniy, til va diniy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari o‘zaro hurmat qilinishi xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan yurtimizda turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Mamlakatimiz dunyo davlatlari uchun bag‘rikenglik borasida namuna bo‘lib kelmoqda. Sababi, hozirgi kunda yurtimiz 140ga yaqin millat va elatlar vakillari uchun umumiy uy hisoblanadi.

“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida tashkil etiladigan tadbirlar aholi, ayniqsa, yosh avlodni respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini hurmat qilish hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirda tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, jahon hamjamiyati bilan do‘stona aloqalarni kuchaytirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi samimiy do‘stlik rishtalarini bog‘lashga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar hamda badiiy chiqishlar namoyish etildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati