Tuman hokimi Sobir Xoʻjametov tomonidan Toshyop ovulida sayyor qabul oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hokimi – 1-sektor rahbari Sobir Xo‘jametov aholi bilan yaqindan muloqotda bo‘lish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularning hal etilishiga ko‘maklashish maqsadida 16 noyabr kuni Toshyop ovuli hududidagi 5-sonli maktab binosida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda 1-sektor hududiga biriktirilgan ishchi guruhi a’zolari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda hududda istiqomat qiluvchi 20 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.

Aholining turli qatlamlari bilan muloqot qilish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan tezkor va aniq choralar ko‘rish joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullarning bosh maqsadi hisoblanadi. Zero, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar avvalo aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Sayyor qabulda sektor rahbariga fuqarolardan bir qancha murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar mazmuni ovul hududidagi ba’zi ko‘chalarga tosh yotqizish, elektr kuchlanishi past bo‘lgan hududlarga yangi transformator va beton simyog‘ochlar o‘rnatish, talabalar kantrakt to‘lovining bir qismini to‘lab berilishi va boshqa masalalarda bo‘ldi. Undan tashqari, ishsizlik, ijtimoiy nafaqalar, kadastr va boshqa masalalar bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushib, mazkur murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Sektor rahbari barcha masalalarni birma bir o‘rgandi. Murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilot vakillariga shu yerning o‘zida zarur topshiriqlar berildi. Muddat talab etiladigan masalalar yuzasidan esa tegishli soha mutasaddilariga ko‘rsatmalar berilib, tez kunda hal etilishiga kelishib olindi.

Darhaqiqat, bugun har bir fuqaro uchun barcha davlat organlari va tashkilotlarining eshiklari ochiq. Davlat idoralari rahbarlari fuqarolarning murojaatlarini ish xonalarida emas, balki joyiga borib, haqiqiy holatni ko‘rgan va o‘rgangan holda ko‘rib chiqmoqdalar.

Tuman bo‘ylab o‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘libgina qolmasdan, aholining hukumat rahbarlariga va davlat idoralariga bo‘lgan ishochining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, davlat idoralari mas’ullarining xalq bilan muloqot qilib, ularning muammolarini hal qilish, murojaatlarini tinglash bo‘yicha amalga oshirayotgan bu kabi sayyor qabullari xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Aholi muammolarini joyida, tez va samarali hal etish imkonini berayotgan, hududlarda yig‘ilib qolgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishda davlat organlari va tashkilotlari oldiga yangi-yangi vazifalar qo‘yayotgan bu kabi sayyor qabullar xalq farovonligi, jamiyat ravnaqi va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda.

Tuman hokimligi Axborot xizmati