Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan tadbir oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizning davlat ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz qabul qilingan 18 noyabr sanasi har yili bayram sifatida keng nishonlanib kelinadi. Sana munosabati bilan ta’lim-tarbiya maskanlarida o‘quvchi yoshlarimizni istiqlolning qadriga yetishga da’vat qilish, yoshlar ongida davlat razmlariga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan turli tadbirlar tashkil qilinadi.

17 noyabr kuni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ixtisoslashtirilgan maktabning o‘qituvchi va murabbiylari hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.

Davlat bayrog‘i yurtimizning milliy timsoli hisoblanadi. Bayrog‘imiz xalqimizning shonli tarixi va ezgu intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimizning mayog‘idir.

Tadbir avvalida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ravshan Xolmurodov o‘quvchilarni mamlakatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlat bayrog‘i millatning birligi, mustaqillik timsoli sifatida o‘sha xalqning orzu-istaklarini, umidlarini, kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘zida ifoda etadi. Mamlakatimizning barcha hududida keng nishonlanayotgan davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun mustaqilligimizni mustahkamlashda, o‘z taraqqiyot yo‘limizni tanlashda muhim sana bo‘lishi bilan birga, ota-bobolarimizning erkin va ozod, baxtli va farovon hayotni ta’minlashdagi asriy orzu-umidlari, armonlari ushalgan, buyuk kelajak sari yetaklagan kun sifatida tarixga muhrlangan.

Tadbir davomida ushbu muhim sananing tarixi hamda bayrog‘imizda milliy-tarixiy an’analarimiz, uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy madaniyatimiz, poklik beg‘uborlik, yaxshilik, donishmandlik va sadoqat kabi buyuk fazilatlarimiz o‘z ifodasini topgani xususida so‘z yuritildi.

“Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” deya nomlangan mazkur tadbirda maktabning 6-7-8-sinflar o‘quvchilari faol ishtirok etdilar. O‘quvchilar tomonidan davlat ramzlari, mustaqillik, Vatan haqida ajoyib she’rlar aytildi. 5-sinf o‘quvchilari o‘rtasida rasmlar tanlovi o‘tkazildi. Unda o‘quvchilar o‘zlarining iste’dod va qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Tadbirda tarix fani o‘qituvchisi Begzod To‘raboyev O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i faqatgina davlat ramzi emas, u shu yurtda tug‘ilib, shu zaminda yashayotgan barcha millat va elatlarning g‘ururi, tinchlik va ahillik timsoli ekanligi, qalblarni qalblarga yaqinlashtiradigan, dillarni dillarga ulaydigan vositaga aylanganligi, dunyoning qaysi burchagida bo‘lmang, bu bayroq qadrdon ona Vatanni yodga solishi alohida ta’kidlandi.

Mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi.

Qadim-qadimdan xalqimiz uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan, ajdodlarimiz ham muqaddas bilib, ko‘z qorachig‘idek asragan Vatan bayrog‘i kelgusi avlodlar uchun ham qadrli va aziz bo‘lib qolaveradi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati