Tumanimizdagi 2-sonli kasb-hunar maktabida “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida koʻchat ekish tadbirlari uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda

Туман янгиликлари

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududlar ekologiyasini yanada yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekologik vaziyatni inobatga olib, tabiatni asrash maqsadida daraxt ekish ishlari kun tartibidagi muhim masalaga aylanmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasi va loyiha doirasida qator tadbirlarni amalga oshirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi.

Bugun yurtimizda keng tus olgan “Yashil makon” umummilliy harakatining ma’no-mazmuni, maqsadi yurtimizda yashillikni kengaytirish barobarida tabiatni asrash, ekologiya musaffoligini saqlashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Amudaryo tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida ham “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Kasb-hunar maktabi miqiyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – atrof-muhit musaffoligiga hissa qo‘shish va o‘quvchi-yoshlarning manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlari hamda urug‘ yetishtirish, ekish va parvarish qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish, ular qalbiga ekologiyani asrash tushunchasini singdirishdan iboratdir.

Ustoz-murabbiylar bilan bir qatorda o‘quvchi-yoshlar ham daraxt ko‘chatlarini ekib, tumanimizni yashil makonga aylantirishga o‘zlarining hissalarini qo‘shmoqdalar.

Xalqimiz orasida ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, yashab turgan hududni yashil makonga aylantirish azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Shu bois, ajdodlarimiz juda qadimdan guzar va yo‘llar bo‘ylari, ekinzorlarning chetlariga, ko‘chalar yoqalatib turli xil manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishgan va buni o‘z farzandlari uchun ham doimiy an’anaga aylantirishgan. Mamlakatimizda yashil hududlar barpo etish, ekilgan har bir tup niholni avaylab-asrash, uning tuproqqa ildiz qo‘yib, unib-o‘sib ketishini ta’minlash maqsadida har yili kuzgi va bahorgi ko‘chat ekish mavsumiga alohida puxta taraddud ko‘riladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kasb-hunar maktabi atrofiga jami 988 tup daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Shundan 112 dona terak niholi, 48 dona tut daraxti, 203 dona manzarali daraxt, 625 dona mevali daraxt ko‘chatlari ekilishi tumanimiz tabiatining sofligi va tozaligiga, qolaversa iqlim barqarorligiga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi. Bundan tashqari bino oldi hamda atrofiga 200ga yaqin gul ko‘chatlari, 120 tup archa ko‘chatlari ekilmoqda.

Daraxtlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Ekish ishlari yakunlanganidan keyin ko‘chatlar agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilish choralari ko‘riladi.

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yashil makon” loyihasi − bu bir yillik tadbir emas. Yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, tabiatga qanchalik ko‘p mehr va e’tibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun bizdan talab qilinadigan birgina narsa – tabiatni toza saqlagan holda yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash hamda daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘ yaratishdir.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar ona tabiatni asrashga, shu bilan birga xalqimizning asrlar osha saqlanib kelayotgan milliy qadriyatlarini yoshlarimiz qalbiga yanada chuqur singdirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Shu o‘rinda aytish kerakki, “Yashil makon” umummilliy tadbirlari nafaqat o‘zimiz uchun, balki kelajak avlod uchun ham g‘amxo‘rlikning bir ko‘rinishidir. Zero, tozalik va ozodalik bor joyda fayz-u baraka bo‘ladi. Yashil makonlar va ko‘kalamzor hududlar esa sog‘lom turmush kechirishning eng asosiy omillaridan biridir.

Tuman hokimligi Axborot xizmati