Deputatlar ishtirokida tanqidiy va tahliliy ruhda yigʻilish boʻlib oʻtdi

Туман янгиликлари

2023 yil 17 noyabr kuni Amudaryo tuman hokimligining katta majlislar zalida deputatlar ishtirokida tanqidiy va tahliliy ruhdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Sharapat Otemisov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedova, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, tuman Kengashi deputatlari, tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining rahbarlari hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda tumandagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining sharoiti, kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, tarbiyalanuvchi bolalarning davomadi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinganligi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarining borishi bo‘yicha maxsus ishchi guruh tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari natijalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevral kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 52-sonli Qaror hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 13 iyul kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 228-sonli Qarorlarining ijrosi yuzasidan ham maxsus ishchi guruhning hisoboti tinglandi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov bugungi kunning dolzarb masalalaridan kelib chiqqan holda deputatlik nazoratini o‘rnatish uchun deputatlardan iborat tarkibda maxsus ishchi guruh tashkil qilinganini, ishchi guruh bir necha kun davomida ovul va mahallalarda bo‘lib, tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rganish ishlarini olib borganini qayd etib o‘tdi.

Yig‘ilishda ishchi guruhlar a’zolari o‘zining faoliyati haqida ma’lumotlar berib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha fikrlar tinglandi va istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Aytish joizki, davlat va jamiyat hayotiga doir keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda deputatlarning o‘rni juda ham katta. Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish           yo‘nalishidagi ishlarga ham deputatlar katta hissa qo‘shmoqdalar. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni qamrab olgan ko‘plab dasturlar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazorati o‘rnatilib, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash kabi masalalarga mas’ul rahbarlarning hisobotlari sessiyalarda tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarning zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklangan.

Yig‘ilish davomida Farovon mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi, tuman Kengashi deputati Muqaddas Beknazarova, 40-sonli maktab direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sanobar Xo‘jamurodova, tuman Kengashi deputati Muyassar Rahmatullayeva, 31-sonli maktab direktori, tuman Kengashi deputati Nilufar Davletova, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov va boshqalar so‘zga chiqib, mavjud kamchiliklar haqida aytib o‘tdilar.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Sharapat Otemisov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedovalar so‘zga chiqib, deputatlar va ishchi guruh a’zolari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, kelgusida takrorlanishining oldini olish yuzasidan fikr bildirdilar.

Yig‘ilishda qayd qilingan masalalar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati