Biogumus tayyorlash boʻyicha seminar oʻtkazildi

Туман янгиликлари

2023 yil 18 noyabr kuni Amudaryo tumanining To‘lqin ovuli hududida faoliyat yurituvchi “Polvonboy ovuli” mas’uliyati cheklangan jamiyatida biogumus tayyorlash hamda uning dehqonchilikdagi ahamiyati bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Yo‘ldoshev, Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i Anvar Kamolov, Veterinariya va chorvachilik bo‘limi boshlig‘i Alisher Matkarimov, Qipchoq davlat O‘rmon xo‘jaligi raisi Erkin To‘rayev, qishloq xo‘jalik korxonalari, fermer xo‘jaliklar rahbarlari, tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.

Dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirishda yerning unumdor bo‘lishi muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Ayrim hududlarda yerlarning hosil berish ko‘rsatgichi kamayishi kuzatilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlardan muntazam foydalanish natijasida foydali bakteriyalarning qirilib ketganligi, oqibatda esa yerlarning zaharlanib qolganligidir.

Bunday holatlarda yerlarni qayta davolashning eng samarali usullaridan biri – Kaliforniya qizil chuvalchanglarini ko‘paytirib, biogumus hosil qilib, yerlarga yuborishdir. Bu chuvalchanglar to‘q qizil rangli bo‘lib, uzunligi 8-10 santimetr, og‘irligi bir grammga teng keladi. Xona sharoitida chuvalchang oddiy usul bilan, ya’ni mollarning chirigan go‘ngi, qushxonadan chiqqan chiqindilar, daraxt yaproqlari, oshxona chiqindilari bilan ovqatlantiriladi. Chuvalchanglar chiqaradigan chiqindi — biogumus deyiladi. Biogumus tarkibida 38 xil, ya’ni azot, kaliy, natriy, boriy, mis, kobalt, ruh, temir, titan, rubidiy, vermut va boshqa moddalar borligi aniqlangan.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, biogumus tuproqni mukammal darajada sog‘lomlashtirishini, boshqa har qanday organik moddalar bilan yaxshi birlashishini va hosilning sifatini yaxshilashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Joriy yilda tuman bo‘yicha jami 1 ming 110 tonna biogumus tayyorlash rejalashtirilgan. Shundan, tuman hokimligi 200 tonna, Qipchoq davlat O‘rmon xo‘jaligi 200 tonna, Obodonlashtirish boshqarmasi 200 tonna hamda fermer xo‘jaliklari 510 tonna biogumus tayyorlashi reja qilingan.

Biogumus boshqa o‘g‘itlardan 4-8 barobar kuchli bo‘lib, tuproq unumdorligini 15-25 foizga oshiradi hamda tuproqni organik qorishmalar bilan boyitadi. Shuningdek, tuproqning mikrofloralariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, mikroorganik ozuqalar miqdorini keskin oshiradi, namlikni yaxshi saqlaydi, o‘simliklarning o‘sish qobiliyatini 11-24 foizga oshiradi, eng muhimi hosil 2 hafta oldin tayyor bo‘ladi.

Seminarda so‘zga chiqqan mas’ullar oxirgi yillarda bu organik chiqindi qishloq xo‘jaligi sohasida va oziq-ovqat sanoatida keng ko‘lamda qo‘llanilayotgani, qoramtir, quruq va suyuq holatda bo‘lishini, uning tarkibidagi mikroorganizmlar tuproqning aerobik, anaerobik, mikroelementlar bilan boyitilishiga sharoit yaratib berishini hamda tuproqning mexanik zichligini ham me’yoriga keltirishini ta’kidlab o‘tdilar.

Tuproqqa biogumus solishning ham me’yorlariga e’tibor qaratish lozim. Unumdorligi past bo‘lgan tuproqni laboratoriya tahlillaridan o‘tkazib, mutaxassislarning tavsiyasi asosida belgilangan miqdorda biogumus solinadi. Biogumus solingan tuproqda yetishtirilayotgan ekin kasalliklarga chidamli bo‘lishi va erta pishib yetilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Buning bir necha usullari mavjud. Yerga urug‘ qadayotganda u bilan birga biogumus solish ham yaxshi samara beradi. Tuproqqa qaysi paytda, qancha miqdorda biogumus solish esa agrotexnolog mutaxassislarning tavsiyasi asosida amalga oshirilishi lozimligi seminarda soha mutaxassislari tomonidan ta’kidlandi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati