44-sonli maktab - maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan taʼlim maskani

Туман янгиликлари

Maktabda ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini tashkil qilish, tarbiyaviy ishlar rejasini ishlab chiqib, ijrosini nazorat qilish, muassasa o‘quvchilari, pedagoglari ishtirokidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning sifatini oshirish maktablar direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarining zimmasidagi asosiy vazifalardir. Shuningdek, milliy an’ana va qadriyatlar, xalqimizning boy ma’naviy merosi asosida o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etish, sinf rahbarlarining sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy faoliyatiga rahbarlik qilish, ota-onalar bilan yaqin hamkorlik qilish ham ularning vakolat doirasidagi masalalardir.

Qaysiki ta’lim muassasasida bu vazifalar mas’uliyat bilan ado etilayotgan bo‘lsa, shu jamoada erishilayotgan yutuqlar ham salmoqli bo‘ladi.

Amudaryo telekanali tahrariyati tomonidan amalga oshirilayotgan “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi ish rejasiga muvofiq tumandagi 44-sonli maktab faoliyati bilan tanishish borasida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.

Maktab ma’muriyatining avvalo o‘qituvchi kadrlarni joy-joyiga qo‘yib, darslar samaradorligini qat’iy nazorat qilib borayotgani, o‘z ustida ishlaydigan, ta’limdagi innovatsion pedtexnologiyalarni puxta egallab, o‘z faoliyatida qo‘llay oladigan ilg‘or o‘qituvchilarni rag‘batlantirib borayotgani o‘zining ijobiy samaralarini berayotir. Ayniqsa, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rufat Do‘simbetov bu borada yoshlik g‘ayrat-shijoati bilan ishlab, o‘qituvchilar, o‘quvchilar orasida hurmatga sazovor bo‘layotir.

U 1989 yilda tumanimizning Bobur nomli ovulida dunyoga keldi. Maktabni tamomlab, Qoraqalpoq davlat universitetining geografiya fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘qituvchilik faoliyatini 2011 yilda 44-sonli maktabda geografiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlashdan boshladi.

2015-2016 yillarda mazkur maktab “Kamolot” yetakchisi, 2018 yilda Yoshlar yetakchisi bo‘lib ishladi. 2019 yil sentyabrdan boshlab, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelmoqda.

U mazkur lavozimda ish boshlagan davridan boshlab, jamoasida sog‘lom ma’naviy muhit barqaror bo‘lishiga intildi. Yaxshi natijalarga erishayotgan muallimlarni rag‘batlantirib, o‘quvchilarni ham dars mashg‘ulotlarini puxta egallashga unday oldi, turli tanlovlar, bilimlar sinovlarida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilarni o‘rnak qilib ko‘rsatish, orqali barcha o‘quvchilarni bilim asoslarini puxta egallashga undadi.

Joriy yilgi “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida maktabning 11-sinf o‘quvchisi Rayhona Nazarboyeva ikkinchi o‘rinni egalladi, 8-sinf o‘quvchisi Rayhona Shomurodova shaxmat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston chempionati, nufuzli xalqaro musobaqalar g‘olibi, sovrindori, Farzona Tursunboyeva, Diyora Kenjaboyeva, Sevinchoy Gulimbetovalar sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘pgina musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashmoqda.

“Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining joriy mavsumida o‘g‘il bolalar jamoasi voleybol bo‘yicha tumanda ikkinchi o‘rinni egalladi. Yakunlangan o‘quv yilida muassasani 40 nafar o‘quvchilar tugatishgan bo‘lsa, ularning 12 nafari turli oliygohlar talabalari bo‘ldilar.

Maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi A’zamjon Nurullayev tumanda eng yaxshi sport murabbiysi sifatida tan olingan, besh nafar o‘qituvchilar xalqaro va milliy sertifikatlarga ega.

Rufat Do‘simbetov ularning safi kengayishi, o‘quvchilarning bilim asoslarini chuqur egallashlari uchun doimo izlanishda, intilishda.

Oygul RAJABOVA.